Qachongacha mosh, loviya ekamiz? Bamiya eksak-chi?

Soha rivojidagi kamchiliklardan yana biri ilm va amaliyotdagi o‘zaro bog‘liqlikning yo‘qligi hisoblanadi.

Xo‘sh, kamchilikni bartaraf etish uchun nima qilish kerak?

- Avvalambor,  birinchi hosildan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekilishdan oldin suv ta’minoti inobatga olinishi lozim, - deydi professor N.Xalilov. - Ikkinchi o‘rinda hosildan bo‘shagan maydonlarga ishlov berish uchun zarur texnikalar bo‘lishi kerak. Uchinchi o‘rinda tezpishar ekinlarning navlari, duragaylarining sifatli urug‘lari talab qilinadi. Shuningdek, takroriy ekin ekadigan xo‘jaliklar qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik, o‘simlikshunoslik sohasida ma’lum hajmdagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim.

Dunyoda ilm-fan, texnologiyalar, texnika taraqqiyoti shiddat bilan rivojlanmoqda. Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar, axborot kommunikatsiya, nanotexnologiyalar, biotexnologiya, gen muhandisligi jadal rivojlanib, dehqonchilik, o‘simlikshunoslik, urug‘chilik, seleksiya, o‘simliklarni himoya qilish va boshqa yo‘nalishlardagi sohalarga kirib bormoqda. Mahsulot yetishtirishda raqamli qishloq xo‘jaligiga o‘tish va buning uchun soha mutaxassislari, fermerlar, dehqonlar, chorvadorlarni yangi axborot kommunikatsiya texnologiyasi yutuqlarini amaliyotga qo‘llay olish talab qilinmoqda. Buning uchun maxsus dasturlar tayyorlash, mutaxassislarni ishlab chiqarish talablariga mos holda o‘qitish, fan va amaliyotni bir-biriga uyg‘unlashgan holda rivojlantirish lozim. Fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etishda transfer tashkilotlar xizmatidan keng foydalanish, ilm-fan sohasiga yalpi ichki mahsulotning 2-3 foizi ajratilishi muhim.

Birgina kartoshkachilik sohasida yosh olimlar va izlanuvchilarimiz bir necha yangi va istiqbolli, serhosil navlarni yaratishdi, biroq ularning aksariyati ishlab chiqarishga joriy etilmasdan qoldi.

“Ikkinchi non” yetishtirish hajmi ortadi

Viloyatimizda takroriy ekin uchun ajratilgan maydonning 9 ming 920 gektariga ikkinchi non - kartoshka ekilishi belgilangan. Shuncha maydondan o‘rta hisobda 200 sentnerdan hosil olinganda ham viloyatimizning bir yillik kartoshkaga bo‘lgan 170 ming tonnalik ehtiyojidan ortib eksportga mahsulot chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Buning uchun viloyatimizdagi kartoshka ekilishi rejalashtirilgan 11 ta tumanga super elita, elita va R-1 navlarini ekish mo‘ljallangan. Kartoshka ekiladigan maydonlarga talab etiladigan 34,4 ming tonna urug‘likning yetishmaydigan 12 ming 470 tonnasini yetkazish borasida viloyatimizdagi 22 ta ta’minotchi korxona va 14 ta tijorat banki o‘rtasida 93,5 milliard so‘mlik 2789 ta shartnoma imzolandi.

Marjumak nima, bamiya qanday ekin?

Joriy yilda viloyatimizda marjumak va bamiya kabi ekinlar takroriy ekin sifatida ekilmoqda. 

- Marjumak (grechixa)ning ijobiy xususiyatlarini hisobga olgan holda bugungi kunda Payariq tumani “Sirli ixtiro” fermer xo‘jaligida 5 gektar maydonga, Oqdaryo tumanida “Sardorbek hosili” fermer xo‘jaligida 5 gektar maydonga ekish rejalashtirilmoqda, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Asliddin Mamatmusayev. - Marjumak yormasi to‘yimli va tez hazm bo‘lishi bilan ajralib turadi. Uning oqsilida aminokislotalardan lizin, arginin ko‘p bo‘ladi. Shuningdek, doni tarkibida foydali ma’danli birikmalar, temir, fosfor, kalsiy, olma, otquloq kislotalari va bir qancha vitaminlar bor. Doni tarkibida oqsil, kraxmal, yog‘, kletchatka, qand saqlanadi. Asosiysi, xaridorgir va eksportbop mahsulot. 

 Bamiya (okra) ekinini bugungi kunda Jomboy va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 100 gektar maydonga, takroriy ekin sifatida ekish rejalashtirilmoqda. Bu ekin shifobaxsh ne’mat bo‘lib, farmatsevtikada qandli diabet, angina, astma, ateroskleroz, saraton hamda oshqozon-ichak xastaliklarini davolashda qo‘llaniladi. Qolaversa, organizmda qand, qon miqdorini me’yorlashtiradi. Shu bois, mazkur o‘simlik mevasi nafaqat to‘yimli ozuqa, balki dori vositasi ishlab chiqarishda muhim xomashyo sifatida ham katta ahamiyatga ega.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.