Qayerdasiz, ar-xi-tek-tor-lar?
Keyingi paytda «uy quruvchilar»ning soyasida qolib ketganingiz bor gap. Ular Sizdan, hatto hokimlardan so‘ramay ko‘p qavatli uy qurishga joy tanlaganlarini inkor qilib bo‘lmaydi.
Arxitektor obro‘sini qayta tiklash payti kelmadimi? Internetdan chiqib, tayyor loyihalardan foydalanishni bas qilib, bevosita odamlar, mutaxassislar fikrini o‘rganish vaqti kelmadimi?
Ammo biz viloyat hokimi tashabbusi bilan Samarqand shahrida ekobog‘ loyihasidan boshqa ibratli tashabbuslarni ko‘rmayapmiz. Tanlangan joyga loyiha qilish arxitektor ijodkorligiga soya solmaydimi? Prezidentimiz da’vatiga ko‘ra barpo etilajak maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari ham shoshilinch loyihalashtirilmaydimi? Davr ehtiyojini hisobga olib, bunday loyihalarni jamoatchilik e’tiboriga havola etish mumkin emasmidi?
Menimcha, buyurtmachi va hokimliklar zamonaviy, ko‘rkam loyihalarni ko‘rib, uning yaxshi ekanini bilgach, bu loyiha uchun joy axtarishi va tanlashi, mablag‘ topishi lozim. Ammo bugungi kunda biz bu qoidaning aksini ko‘ryapmiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda haligacha istirohat bog‘lari, kanallar bo‘yi sayilgohlari, avtomobil to‘xtash va saqlash joylari, yirik to‘yxonalarni qayta ta’mirlab, boshqa xizmat sohalarini yaratish bo‘yicha takliflarni ko‘rmayapmiz. Bu ham arxitektorlarning yo‘l, kommunal tarmoqlar, maktab qurilishiga o‘xshab investitsiyaga qarab qolganini ko‘rsatmaydimi?
Qariyb o‘n yildirki, jurnalistlar Samarqand shahriga to‘rt tomoni oynavand, kirib kelishi qulay maishiy xizmat uyi, shaxsiy transport vositalari qo‘yish joylari kerakligi haqida bong uradi. Nega bu takliflarni hisobga olmaysizlar? Agar bo‘lsa, birgalashib hokimlarga ta’sir o‘tkazaylik.
F.Ishoqov.