Fuqaro so‘roviga vaqtida javob bermagan arxitektura va qurilish bo‘limi xodimi javobgarlikka tortildi

Bunday holat Samarqand tumani arxitektura va qurilish bo‘limi mas’ul xodimi ishtirokida ro‘y bergan.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmatiga ko‘ra, Samarqand tumanida yashovchi fuqaro tuman DXA orqali yakka tartibda uy-joy qurishga loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun so‘rov bergan.

Tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i so‘rovni o‘rganib chiqish uchun tegishli xodimiga yo‘naltirgan. Ammo mas’ul o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, so‘rov ijrosini 9 kunga kechiktirgan.

Gap shundaki, hukumat tasdiqlangan ma’muriy reglament bo‘yicha vakolatli organ so‘rovnoma tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida loyiha-smeta hujjatlari yuzasidan kelishishi yoki uni asosli rad etishi kerak.

Bundan tashqari, yuqoridagi xodim xizmat faoliyati davomida 7 ta ob’yektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan 18 ta yakka tartibda uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish)ga loyiha-smeta hujjatlarini kelishish xizmatlarini ko‘rsatishda ma’muriy reglamentda belgilangan tartib va muddatlarni buzgani aniqlangan.

Shulardan kelib chiqib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasida nazarda tutilgan jazo chorasi qo‘llanilgan.