Qalblarda bog‘ yaratmoq ilmi

Bu qanday ilm bo‘ldi ekan, degan savol darhol o‘quvchi xayolini egallaydi. Yerga nihol qadab, uni parvarish qilib, soya-salqin, rohatbaxsh bog‘ yaratish san’ati bog‘bon mahoratiga bog‘liq. Xuddi shu mahoratni inson qalbi muolajalariga tadbiq etib, qatqaloq bosgan qalblarga bog‘ shukuhini kiritmoq – faqatgina donishmand olim va sohirso‘z shoirgagina munosib. So‘zimizning isbotini yaqinda nashrdan chiqqan Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, shoir Abdurahim Soli o‘g‘li Bog‘donlining “Mening bog‘im” nomli ikki jildlik asarlar to‘plami (Toshkent, 2019 yil) misolida topdik. Kitoblarni mutolaa qilar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda hayot darslarini mukammal o‘rgangan tajribali oqko‘ngil inson, ilm xazinasiga aylangan hakim va nuktasanj so‘z zargari namoyon bo‘ldi.

Kitoblarning nomidanoq san’atkor shoir beg‘ubor yoshlik chog‘lari o‘tgan, kindik qoni to‘kilgan ona zamini tarovatini, bog‘u rog‘lari shukuhini o‘zining qalbi qasriga ko‘chirganligini anglamoq mumkin. Farahli Bog‘don – Bog‘donlining yurti, Bog‘donning naqshi – Bog‘donlining qalbi. Shu qalb qa’ridan otilib chiqqan mo‘’jizakor so‘zlar esa – olim va shoirning o‘z taqdiridan roziligi, Yaratganga shukronasi! She’riyat haqida hissiz, hayajonsiz, tuyg‘u va ehtirossiz so‘zlamoq mushkul. Chunki buloq kabi qalb qa’ridan yorib chiqqan mavzun so‘z faqat qalb xususiyatinigina ifoda etadi. Qalb esa hislar, samimiy ixlos, kechinmalar qasri.

Kitoblarni varaqlaymiz. Shoir so‘zining boshi payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadisi shariflariga payravlik bilan ochiladi: “Hubbil-vatani minal-iymon”  (“Vatanni sevmoq iymondandir”) – “Dard kimni ezmaydi, bedardlik yomon, Mayli, umrim borki, tuyaman darding. Ey, muqaddas ona, jon O‘zbekiston, Sen – omon, men – omon, ko‘zimda garding”. Yana: “Al kozibu la ummati” (“Yolg‘onchi mening ummatim emas”) – “Tole’dan so‘z ochmoq odatdir bizga, Tole’ – nima o‘zi, bilmay hech qachon. Hammasi joyida, bir tekis izda, Baxtim – toleim deb berdik hatto jon”. “Haq nazari: O‘zbekiston...” nomli she’rida shoir o‘zining ilhom manbai, ildizlari suv ichgan daryolar haqida aniq yozadi:

Haq dilimda boshladim so‘z,

Muhammadi rasul deb.

Adolatga tashladim iz,

Haq yakkayu, biz qul deb.

Alloh shunda berdi sado:

Shahdingdan qaytma, dedi.

Xizmat elga etgin ado,

Ahdingdan qaytma, dedi.

Elga xizmat etmoqni, yiqqan ilmi, hayotiy tajribasi, kuch-quvvatini vatani ravnaqi, jamiyati farovonligi, o‘sib kelgan yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlamoqni shoir o‘zi uchun saodat deb biladi. Ammo shoir uchun saodat manbai - mehnat va yana elga xizmat. Xizmat esa ixlos va sadoqat bilan bajarilmog‘i lozim. Sidqu ixlosdan begona, loqayd yashamoq baxtsizlikdir. Dil gavhari darddir. Ammo dardni har kim ham diliga kirita olmaydi:

Dilda dard bo‘lmasa, ne ham yozaman,

Dilda dard bo‘lmasa, yo‘ldan ozaman.

Dard bilan yashadim, kezdim bir umr,

Dilimga dard hamroh, shukur, tozaman.

Dardli dil osonlik bilan o‘zidan qoniqavermaydi. Qoniqish hissini qorni to‘qlar, mansabni sevuvchi va unga intiluvchilar, birovga zulm qilib rohatlanuvchilar tuyadilar. Dardli dil mehnatga intiladi, yaxshilik qilishga intiladi:

Millionlar ichra bir zarraman, xolos,

Qilgan ishim zamonga qilaman qiyos.

Mehnat, zafarimdan yog‘sa-da olqish –

Ko‘ngil to‘lmay deyman: xizmat qildim oz.

Shoir she’riyati faylasufona. U hakimona fikr yuritadi. Hayotdagi hodisalarni qalbi oynasi orqali ko‘rishga intiladi, tahlil qiladi, mantiq qidiradi. Buning natijasi o‘laroq, ko‘p kuyinishlar, yonish va o‘rtanishlardan keyin keladigan xulosalari ham falsafiy, suqrotona:

Baxt deb intiladi bir umr inson,

Har yumush, kurashda axtarar baxtin.

Hatto to‘shak uzra berayotib jon,

Baxtli qayta qurmoq istar hayotin.

Shoir mushohadalari ayniqsa hayotida vijdon ko‘chasidan o‘tmagan, firibgar-fitnachi, g‘alamis kimsalar haqida so‘z yuritilganda murosasiz bir ohang kasb etadi.

Yuzing ham, ko‘zing ham, o‘zing ham fitna,

Butun vujuding-la ko‘zing ham fitna.

Bag‘ringda bir qora illat yashirin,

Kim sen-la tuz totsa, tuzing ham fitna.

Shoirning jaholat, nodonlik, badnafslik, nopoklikka isyoni shu darajadaki, u qalbidagi nafratini ifoda etish uchun hayotdan, tabiatdan favqulodda badiiy timsollar, lavhalar, hodisalar qidiradi. Fikr-mushohadalarini oqlik va qoralik dunyosi vakillari timsolida bayon etadi. Shoir qoralik dunyosi vakillariga nisbatan murosasiz. Ularni faqat insoniyat dushmani bo‘lmish gazandalar sifatida tasavvur etadi:

Kobra taxt tebratar, ko‘rinar bardam,

Atrofga alanglab, o‘zga berar zeb.

Ilonlar ko‘paydi, bo‘ldi jamul jam,

Bir-birin e’zozlash biladi burch deb.

Ne-ne rejalar bor uning o‘yida,

Mansab deb, necha bor chekkandi azob.

Holsiz yotganida yonib kuyida,

Taxtni egallashlik ko‘rindi sarob...

“Eh, bu olishuvlar, yurak dabdala,

O‘zim ko‘rsatolsam, quvvat tiklanar.

Yurakka, bil, malham, mustahkam qal’a –

Mansab – bu orzuyim, undan kuch olar”.

Shunday xayol surdi kobra bu kecha,

Kim menga xayrixoh, birga jo‘shsam deb.

Eshiklar qolmadi, kirdi bir necha,

O‘zni ma’qullatsam, so‘ngra qo‘shsam deb.

Yomonmas, topildi qo‘llovchilar ham,

Asli urug‘i ham edi – kam emas.

Zahrini taratsa, qalbiga malham,

Kobra ko‘krak kerar, endi g‘am yemas...

Ammo hayotiy tajriba egasi bo‘lgan otaxonning iymoni komilki:

Quyosh qayta yog‘du sochsa-da, hamon

Bordir Oy yuzida uyatning dog‘i.

Kimki, kibru havo unutsa xalqin

Xalqi yuz o‘girar – ayon uyog‘i...

Shoir she’riyati janrlari rang-barang: lirik she’rlar, g‘azallar, muvashshahlar, muxammasu musaddaslar, to‘rtlik va ruboiylar, sakkizliklar, dostonlar. Ayniqsa, kitoblarga kirgan dostonlar shoir ilmiy salohiyati, mushohada qudrati, badiiy so‘z qo‘llash mahorati nuqtai nazaridan e’tiborga molik. Dostonlarda shoir e’tiqodi o‘z aksini topgan. U mutafakkir Oybekni chuqur ilm, yuksak madaniyat va buyuk bir jasorat egasi sifatida biladi va talqin etadi. Shoir qalbida o‘zbek xalqiga taqdirning tuhfasi bo‘lmish bu insonga nisbatan chuqur ehtirom, muhabbat yotadi. U 1995 yilda yozilgan o‘n besh bo‘limdan iborat “Yorug‘ kun kutib” dostonida mutafakkir olim hayotining tarixiy xronikasini beradi, ijodiy merosi qimmatini belgilaydi, uning alg‘ov-dalg‘ov zamonda boshidan kechirgan tahlikali kunlari, alamu iztiroblarini tasvirlaydi. Ammo Oybek jasorati tarixiy haqiqat va ibrat bo‘larli iymon sadosi:

Hayot o‘z ketidan ergashtirmadi,

Hayotni yo‘liga sololdi Oybek.

Haqiqatni ba’zan ko‘zga ilmadi,

Izm-izmlarda qololdi Oybek... 

 

Dostonning ketidan boshlanar doston,

Erkinlikka havas, kuch bor dilida.

Qahramonin tanir jumlai jahon,

Ularga hurmat bor o‘sgan elida...

Shoir daho Oybek siymosini juda ko‘p yuksak insoniy sifatlar, fazilatlarga, shunday fazilatlarga boy ilmparvar va mehnatsevar xalqimizga qo‘yilgan bir haykal deb biladi:

Bu – Oybek, bu – Muso Toshmuhammaddir,

Uning shijoati ming arslonga teng.

Bag‘ri keng, do‘stga ham, dushmanga ham bir –

Najot istab kelsa bo‘la olgan yeng.  

Otaxon shoir ilhomi kuch olgan, suv ichgan buloqlardan yana biri – Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpondir. Kitobdan o‘rin olgan “Ishonchli nido” she’ri 1997 yilda yozilgan. She’rda Cho‘lponning eng asosiy hayotiy maslagi – vatanga bo‘lgan sevgisi, vatan taqdiri uchun g‘am-alam chekkani, millat g‘amida yongani va oxir-oqibat bu yo‘lda aziz jonini fido qilganligi tarannum etiladi. Shoir nazdida Cho‘lponning yot bosqinchi ustidan g‘alabasi – uning ovozini baralla qo‘yib haqiqatni aytishdan qo‘rqmaganidadir:

Iztirob-alamlar – vatan yo‘lida,

Uni ozod ko‘rmoq ishqida yondi.

Yaroq bo‘ldi qalam Cho‘lpon qo‘lida,

Dardini oshkora to‘kishdan qondi.

Shoirning Cho‘lpon ijodiga maftunligi ba’zi she’rlarida aynan namoyon bo‘ladi. U zavq bilan aynan cho‘lponona tilu ravishda yozadi:

Madhingda yo‘g‘rilgan she’rni tinglading,

Erib oqqan yurak – erni tinglading,

Quyosh quloq tutib, Yerni tinglading,

“Angladim”, deding sen, neni anglading,

Nahot oshiq qalbni – meni anglading.

 

Tangri, madadkorim bo‘lding bu safar,

Yor jilmay, jilmayib turding bu safar,

Jilganda jiling deb kulding bu safar,

“Angladim”, deding sen, neni anglading,

Nahot oshiq qalbni – meni anglading...

Lirik shoirning sevgi-muhabbat mavzusidagi she’rlari turli voqea-hodisalar tafsilotlari bilan bog‘liq syujet chiziqlariga ham ega. U sevimli mahbuba visoli yoxud hijroni tasvirini ifodalar ekan, qandaydir favqulodda bir epizod topadi va tasavvuri olamini shu go‘zal epizod doirasida bilan bog‘laydi. Shoir shunchaki his-tuyg‘ulari yoki kechinmalari bayoni bilan cheklanmaydi. Uning uchun oshiq qalbni junbushga keltirgan biror voqea yoki hodisa muhim. Uning mastona qalbi qay tariqa bo‘lmasin, go‘zallikdan zavqlangach, she’r qalbi qa’ridan buloqdek otilib chiqadi. Kitoblarni varaqlar ekansiz, pok qalbli oshiqning ajoyib ruhiy kechinmalari galereyasida yurgandek his etasiz o‘zingizni. “Dilga hamdam bo‘ldi paydo bir sanam”, “Oshiq ko‘nglim oldi bugun jonona”, “Yorimning kulgichi bor”, “Sen meni yo‘qlading”, “Nigohingni olib qochmagin”, “Jafo olib keldingmi, sanam” kabi marjondek tizilgan qator nazm durdonalari shoir tizginsiz tafakkurining, yorqin mahoratining tasdig‘idir.

 “Quling o‘rgulsin palov damlagan oshpazga sho‘rva qaynatish nima bo‘libti”, deyilganidek, kitobida shoir o‘zini hikoyanavis yozuvchi sifatida ham namoyon etadi. Uning “Oqibat”, “Sadoqat”, “Endi yo‘lim bilib bosaman”, “Xolis niyat”, “O‘kinch” kabi turli yillarda yozilgan hikoyalaridan namunalar va falsafiy mushohadalar asosida dunyoga kelgan qatralar ijodkor qalamining qudratidan guvohlik beradi. Kichik bir mulohazadan tug‘ilgan qatra o‘zida ulkan hikmat tashigani o‘quvchini ajablantiradi, o‘ylantiradi, fikr-mushohadaga chorlaydi: “Jodu: Yog‘duga mahliyo bo‘lgan kishi, u bilan ko‘pincha yonma-yon yurguvchi va qofiyadosh so‘z joduni sezmay qolishi turgan gap. Afsonaviy Farhod ham shuning qurboni bo‘lgan”; “Shakar shirinlik ichida totli, lekin ta’mi sal taxir bo‘lsa ham asalga nima yetsin”; “Mehr-muhabbatning beqiyosligi, muruvvat tug‘diradi har bir insonda. Muruvvatsiz insonda muhabbat qayda”.

Jannatmisol Samarqand bag‘rida Bog‘don go‘shasini yaratib, yuragi bog‘lar shukuhiga to‘lib hayot kechirayotgan qalbi pok inson Abdurahim Soli o‘g‘li Bog‘donli bugun umrining oltin kuzi barakotidan bahramand va sarbalanddir.

Dilorom SALOHIY,

Samarqand davlat universiteti professori.