Qalblarni o‘rtagan fojia

2018 yil 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan fojia haqida barchamiz eshitdik, ommaviy axborot vositalari orqali tafsilotlarini ko‘rdik, o‘qidik. Rossiyaga ish izlab ketayotgan 54 nafar o‘zbekning 52 nafari halok bo‘ldi.
Bu haqida bilib, butun o‘zbek xalqining qalbi larzaga kelgan bo‘lsa, uning tafsilotlari aniq bo‘la boshlagach, ushbu g‘am yanada og‘irlashib bordi. Ayniqsa, avtobus ichida halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning ro‘yxati e’lon qilingach, barchaning yuragi qon bo‘ldi. Ularning orasida mahalladoshlar, ota-bola, aka-ukalarning borligi har qanday insonning yuragini ezdi, ko‘zini yoshlantirdi. Ota-onalar farzandidan, farzandlar ota-onadan, kimlardir akalari yoki ukalaridan, necha nafar mushtipar suyangan tog‘idan ayrildi.


Achinarlisi, bu kabi fojia birinchisi emasligini barchamiz bilamiz. Jumladan, 2017 yil 22 iyundagi Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ichida 52 nafar o‘zbek bo‘lgan avtobus ag‘darilishi natijasida 9 kishi halok bo‘lgan edi. 2017 yil 8 oktyabrda Rossiyaning Vladimir oblastida ichida 58 nafar o‘zbek ketayotgan avtobus temiryo‘l ustida to‘xtab qoldi va 17 kishi, ikki yosh bola halok bo‘ldi. Bu kabi misollar talaygina.
Shuning uchun ham qurbonlari yanada ko‘p bo‘lgan bu halokat tufayli yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarida, internet saytlarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli taxminlar bildirildi, shu kabi fojialarning sabablari, bunga kim aybdor, degan savol ko‘p muhokama bo‘ldi va bo‘lmoqda. Yurtimizdagi mavjud ishsizlik, aviachiptalarning qimmatligi, ta’lim tizimidagi kamchiliklar, qishloqlarda tirikchilik uchun yetarli sharoit yo‘qligi kabi omillar asosiy sabablar sifatida ko‘rsatilmoqda.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida fojiaga munosabat bildirib, uning asosiy sabablariga to‘xtaldi. 
Ha, bu dahshatli hodisa hali ko‘p sohalarda islohotlar amalga oshirilishi lozimligini ko‘rsatib berdi. Ayniqsa, migratsiya masalasiga ko‘proq e’tibor qaratish vaqti kelganligini yaqqol namoyon etdi. Falokatga qandaydir kavshar lampasini sabab qilib ko‘rsatib, jim o‘tirish yarashmaydi. Buning uchun endi hamma harakat qilishi kerak. Barcha soha rahbarlari, mutasaddi idoralar, ta’lim muassasalari, deputatlar, mahallalar raislari va hattoki, o‘zini shu yurt farzandiman, deb hisoblaydigan oddiy inson ham.


Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan hodisa oqibatida halok bo‘lganlar oilalariga har tomonlama zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Prezidentimiz ko‘rsatmasi bilan marhumlar oilalarining barchasiga bir martalik nafaqa puli ajratilishi belgilandi. Bu yaralangan ko‘ngillarga yaqinlarini qaytarib bera olmasa-da, muhimi, davlatimiz va hukumatimiz rahbarlarining boshiga og‘ir musibat tushgan insonlarga hamisha hamdard va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligidan dalolat. Ammo endi kelgusida bunday ayanchli voqealar yana takrorlanmasligi uchun muhim qadamlarni tashlash zarur.