“Qamchin ota” ziyoratgohi qachon o‘rganiladi?
Jomboy tumani Sarichashma mahallasidagi “Qamchin ota” ziyoratgohi yillar davomida e’tibordan chetda qolib keldi.
Sayid Avliyoxoja, Shodmon Sayid, Qamchin ota nomlari bilan ataluvchi bu tarixiy shaxs aslida kim bo‘lgan? Uning sharafiga bunyod etilgan daxma va qabrtoshidagi yozuvlar nimani anglatadi?
Komilxon Kattayev tomonidan tuzilgan Mahdumi A’zam shajarasida Sayyid Avliyoxo‘ja nomi uchraydi. Uning vafot etish sanasi 1822 yil deb ko‘rsatilgan. Qamchin ota bilan bog‘liq rivoyatda ham Shodmon Sayyidning Mahdumi A’zam avlodi ekanligiga ishora bor.
Qizig‘i, daxma yonidagi ikkita qadimiy qabrtosh Mahdumi A’zam ziyoratgohidagi toshlarni eslatadi. U yerda 500 yoshdan oshgan chinor o‘sadi. Xuddi shunday daraxt Qamchin ota daxmasi yonida ham ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Qishloq nuroniylarining aytishicha, qadimiy chinor qirq-ellik yil avvalgi yong‘in tufayli olov ichida qoladi. Ammo tanasidan yangi nihollar o‘sib, yana qaddini tiklaydi.
Qamchin ota nomi bilan bog‘liq rivoyatda aytilishicha, Shodmon Sayyid vafotidan avval qamchisini yerga suqibdi. Yog‘och qamchi esa unib, chinorga aylanibdi. “Qamchin ota” nomi shundan qolgan ekan.
Manbalarda qayd etilishicha, Mahdumi A’zam avlodidan ellikka yaqin shayx va shariat peshvolari yetishib chiqqan. Bu avlod vakillari hozirgacha Samarqand atrofida istiqomat qiladi.
Qabriston ichida qadimiy masjid ham bor. Ziyoratga keluvchilar soni ko‘paygach, daxma yonidan masjid quriladi. Keyingi yillarda qabriston hududidan boshqa qadimiy qabrtoshlar ham topildi.
Bobotepa qishlog‘idagi 200 yillik qabriston, daxma, masjid hamda Mahdumi A’zam avlodiga nisbat berilgan yuqoridagi nomlar dastlabki ma’lumotlar asosida to‘plandi. Ayni vaqtda qabriston atrofi tubdan obodonlashtirilgan. Qadimiy daxma hashar yo‘li bilan ta’mirlanib, ustidan maqbara bunyod etildi.
Aslida, yaratilganiga yuz yildan oshgan har qanday buyum tarixiy ashyo, nodir manba hisoblanadi. “Qamchin ota” qariyb ikki-uch yuz yillik manzilgohdir. Ziyoratgoh hududidagi tarixiy manbalarni o‘rganish avlodlar oldidagi muhim vazifa bo‘lib qolaveradi.
Bibirajab ELBEKOVA,
"Jomboy tongi".