Qanday qilib odamlar o‘zlarini pochta orqali jo‘natgan?
Sal ilgari saytimizda o‘tgan asrning boshlarida amerikalik ota-onalar poyezd chiptalarida pullarini tejash maqsadida o‘z farzandlarini pochta orqali jo‘natgani va avstraliyalik Reji Spirs 21 000 kilometrni pulsiz, pochta qutisida yo‘l bosib o‘tgani haqida yozgan edik.
Ushbu maqola odamlarning jo‘natilishining boshqa holatlari haqida.
Iroda erkinligi: Ozod bo‘lishni maqsad qilgan qul
Pochtadan transport vositasi sifatida foydalangan birinchi kishi Genri Braun bo‘lgan. Uning maqsadi sayohat emas, balki qullikdan qutulish edi. XIX asr o‘rtalarida Genri Virjiniya shtatining tamaki fabrikasida ishlagan, u xo‘jayini uning xotini va bolalarini sotishga qaror qilmaguncha qochish haqida hatto o‘ylab ko‘rmagan. Yo‘qotadigan hech narsasi qolmagan Genri qullik qo‘llanmaydigan erkin shimoliy shtatlarga borishga qaror qildi. Dastlab u poyabzal tikish ustasi Samyuel Smitga Filadelfiyaga borib qullikka qarshi jamiyat vakillari bilan uchrashib, rejani muhokama qilishi uchun jamg‘arib qo‘ygan pullarining yarmini berdi. Qochish kuni u ishga bormaslik uchun qo‘liga kislota to‘kdi, keyin biroz suv va pechene olib, do‘sti yordamida o‘sha paytdagi mashhur Adams Express Company pochta kompaniyasining nafas olish uchun teshiklar qilingan yog‘och qutisida yashirindi.
Taxminan bir kun o‘tgach, jo‘natma Genri Pensilvaniyada kutib olindi. Shunday qilib, u 33 yoshida erkinlikka erishdi va “Quti” laqabini oldi. Keyinchalik “Genri Boks Braunning hayoti haqidagi o‘zi yozgan hikoyasi” avtobiografiyasini yozdi.
Omadsiz Charlz
Savdo markazining 25 yoshli xodimi Charlz Makkinli 2003 yilda sevgilisi bilan ajrashgan, qarzga botgan va tushkunlikka tushgan. U mamlakatning narigi tomonida yashaydigan ota-onasiga og‘ir hayot sharoitida qolgani to‘g‘risida shikoyat qila olmadi, biroq uni chidab bo‘lmas darajada uyiga tortardi.
Xizmat haqini to‘lov kartasi orqali bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘lgan yuk tashish kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qilib, Charlz o‘zini “Diqqat! Kompyuterlar” yozilgan qutiga joylashtirdi va Nyu-York aeroportiga yetib bordi, u yerdan esa “yuk” Dallasga uchadigan samolyotga orttirildi. Keyinchalik sarguzashti to‘g‘risida Charlz: “Bu sayohat samolyot chiptasidan ko‘ra qimmatroq edi, biroq bu yagona yo‘l edi”, deb aytdi.
Jo‘natma Charlzning ota-onasi uyiga yetkazilgach sir ochildi. Pochtachi yoriqda odam ko‘zlarini ko‘rib qoldi va politsiyani chaqirdi. Baxtsiz sayohatchi hibsga olindi. To‘g‘ri, unga faqat chiptasiz passajir sifatida ayblov qo‘yilishi mumkin edi. Axir qonun quti ichida uchishni taqiqlamaydi-ku!
Muhabbat haqi: oshiftalik
Agar hozir romantiklarni kunduz kuni chiroq bilan topa olish qiyin, deb o‘ylasangiz, 2012 yilda yilda xitoylik Xu Seng bilan sodir bo‘lgan voqeani eshitmagan ekansiz. U o‘zining sevgilisi Li Van uchun eng yaxshi sovg‘a bo‘laman deb qaror qildi, qutiga kirib, jo‘natma yetkazilgach, uning ichidan syurpriz sifatida sakrab chiqish niyati bor edi. Do‘stidan jo‘natmani yuborishni so‘radi. Ammo hamma narsa rejadagidek bo‘lmadi...
Yetkazib beruvchi korxona xodimi manzillarni adashtirib yubordi va baxtsiz Seng rejalashtirilgan “qamalish”da 30 daqiqa o‘rniga uch soat o‘tirishga majbur bo‘ldi. Bunday bo‘lishini kutmagan oshifta qutida havo uchun teshik ham ochmagan ekan. Shu sababli jo‘natma nihoyat o‘z manzilini topganida, xitoylik allaqachon bo‘g‘ila boshlagan edi. Zudlik bilan shifokorlarni chaqirishga to‘g‘ri keldi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.