Qarg‘a necha yil yashaydi? Yoki o‘ziga xos "iqtidor"ga ega qush haqida
Qarg‘alar aqlliligi bilan mashhur. Ular ovqat topish va uni iste’mol qilishda farosat bilan yo‘l tutishadi. Masalan, qotgan nonni avval ko‘lmakda ivitib, yumshagach yeydi. Yong‘oqni tosh yoki asfaltga balanddan tashlab sindiradi, ko‘pincha avtomobil yo‘liga qo‘yib ezg‘ilanishini kutadi.
Ular tabiatan o‘yinqaroq. Qish kunlari yaxmalak uchishni, qiya tomlardan sirpanishni, yoz faslida mushuk va kuchuklarni ermaklab g‘ashiga tegishni xush ko‘radi. Birovi osmonda parvoz chog‘ida og‘zidagini atay tushirib yuboradi. Boshqasi esa uni havoda ekanidayoq ilib oladi. Bu mashq takrorlanadi.
Olimlarning kuzatuvi va tajribalaridan hosil bo‘lgan xulosalar qarg‘alarning yuksak iqtidori borligini ko‘rsatgan. Masalan, xo‘rak solingan kam suvi bor og‘zi tor idishdagi yegulikni olish uchun ichiga toshcha tashlab sathni ko‘tarish yo‘li bilan erishishga muvaffaq bo‘lgan.
Qarg‘alarning xotira salohiyati beqiyos. O‘zlari g‘amlab yashirgan o‘n mingtagacha narsani qayerdaligini biladi va kerak bo‘lganda topa oladi. Mabodo kimdir ulardan birini o‘ldirib qo‘ysa, shu odamni va uning yashash joyini aslo unutmaydi va o‘sha hududga yaqinlashmaydi. O‘z ajali bilan o‘lgan qavmlarining jasadi ustiga guruhlashib uchadilar, baravariga qag‘illashib marosim o‘tkazadilar. Bu odatlar avloddan avlodga ko‘chishi ham amalda tasdiqlangan.
Qarg‘alarning o‘ndan ortiq xil va turi mavjud. Arablarda "Qarg‘alar aslo o‘lmaydi", degan aqida bor. Ularning uch yuz yilgacha hayot kechirishi, ertaklarda esa odamlarning to‘qqiz avlodicha umr ko‘rishi aytiladi. Ammo bu qushlar tabiiy sharoitda qirq yilgacha umr ko‘risharkan. Shunisi ajablanarliki, ularning yoshi katta bo‘lgani sayin ongi ham rivojlanib borarkan.
Qurg‘oqchilik davri va qahraton qish kunlarida ommaviy qirilish hollari kuzatilgan.
Qarg‘alar odamlarni do‘st tutib, ularga yaqin joylarda yashashni yoqtiradi. Quyida bu haqdagi fikrlarimni bayon etmoqchiman.
Hovlimizda ayrim yillari ikki yuz kilogrammgacha hosil soladigan yong‘oq daraxti bor. Keyingi yillar yiqilish xavfidan yiroq bo‘lish maqsadida ustiga chiqish va xodalab qoqishni bas qilganmiz. Pishib pag‘a bo‘lgach, uning shoxlari qarg‘alarning sevimli joyiga aylanadi. Ayniqsa, tonggi g‘ira-shirada ularning sa’y-harakati sabab shoxlardagi hosil gurillab to‘kiladi. Bu xizmati evaziga bittadan yong‘oq olib ketishadi. Ularga hadik bermaganim boisidan mendan aslo hayiqmaydilar. Qo‘shnilarimning hayfi kelib yong‘oq qoqib beruvchilarni chaqirishni maslahat berishadi. Bitta daraxtni tozalab berish 5 yuz ming so‘mga chiqibdi. Undan ko‘ra qarg‘alarning xizmati arzon va beminnat ekanligini aytib hazillashaman. Shu tarzda yerdagi hosilni batamom yig‘ib olamiz.
Kech kuzda daraxt shoxi yaproqlardan tozalanib, luchchak holga keladi. Bu joydan o‘tib qaytayotgan qarg‘alar albatta unga qo‘nib o‘tishadi. Xazon ostida qolgan yoki tuproqqa ko‘milgan yong‘oqlar qarg‘alar tomonidan ko‘rinarli holatga keltiriladi. Yanada qizig‘i, keyin boshlanadi. Har kuni bir mahal daraxt tagini kuzatganimda o‘ttiz-qirq donagacha yong‘oq yig‘aman. Ularning barchasining ko‘rinishi va shakli begona. Bu ahvol o‘n-o‘n besh kungacha davom etadi.
Aqlli qushlar tuproqqa tashlangan yong‘oqning sinmasligini bilmasligi mumkin emas. Mabodo ehtiyotsizlik qilib tushirib qo‘yishgan bo‘lishsa, qaytib olish ham ularga qiyinchilik emas.
Bu dono qarg‘alarning o‘z xizmati uchun salgina ustama olingan yong‘oqlar evaziga qaytarayotgani bo‘lsa kerak.
G‘aybiddin Fazliyev.