Qarishni unutib qo‘ygan odamlar
Dunyoda ularga vaqt o‘z ta’sirini yetkaza olmaydigan odamlar yashar ekan. Ular yoshgina ko‘rinish uchun hech narsa qilishlari ham shart emas – ma’lum bir yoshda ular oddiygina “muzlab qolishadi”, ba’zilari esa qarib-qartayish o‘rniga kundan-kunga yoshara boshlashadi. Bugun ana shunday odamlar bilan tanishamiz.
Sey Senagon
Yaponiyalik Sey Senagon 75 yoshda edi. Tashqi ko‘rinishidan u tengdoshlaridan unchalik farq qilmasdi, tanasi ham yoshiga mos ishlardi. Ammo kunlarning birida yapon ayoli sochlari xuddi yoshligidagidek qorayib, oqargan sochlari yo‘qolib borayotgani payqab qoldi. Yuzidagi ajinlar yo‘qoldi, yangi tishlar o‘sib chiqib, ko‘rinishi 30 yoshdagi ayollarniki kabi bo‘lib bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay Sey 40 yoshli erkakka turmushga chiqdi va tez orada farzandli bo‘ldi.
Sey Senagonning hayratlanarli yosharishi to‘g‘risidagi yangilik 1997 yilda dunyoga ma’lum bo‘ldi. “Buvi”ning mo‘’jizaviy yosharish sirini ochishni istaganlar ko‘p edi va jigar operatsiyasidan keyin o‘tkazgan gormon terapiyasi ayolning yoshartirish jarayonini boshlab yuborganligi haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Ba’zi boy odamlar bunday yosharishni takrorlashga harakat qilgandi, biroq bu natija bermadi.
Seyning hozir qanday ko‘rinishi noma’lum. Ayol o‘ziga bo‘lgan haddan tashqari e’tibordan charchadi, u yashash joyini va ehtimol ismini ham o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.
Soso Lomidze
Bu yigitning hayot qissasi ham aqlga to‘g‘ri kelmaydigan gapga o‘xshaydi, biroq bu haqiqat. Soso Lomidze juda erta qaltis yo‘lga kirdi, 15 yoshida bu yigit Gruziyadagi eng mohir cho‘ntakfurush hisoblanardi. 25 yoshida sochlari barvaqt oqara boshlab, birinchi ajinlar paydo bo‘lgan edi. To‘satdan u birdaniga yosharib ketdi: sochlari qaytadan qorayib, ajinlar tekislandi, soqoli o‘smirlarniki kabi sabza urardi. U vaznini yo‘qotdi, yuzida go‘dakona qavariq paydo bo‘lib, bo‘yi pasayib ketdi.
To‘satdan boshlangan “bolalikka qaytish” jarayoni uning qolgan butun umri bo‘ylab davom etdi. Soso garchi maktab o‘quvchisiga o‘xshasa-da, “chol” laqabini olgandi. O‘g‘rining tanasida sodir bo‘lgan teskari jarayonlarga qaramay “yosharish”i uning aqliy qobiliyatiga ta’sir qilgani yo‘q. Natijada yosh bolaning tanasida ayyor erkak yashardi. G‘ayrioddiy ko‘rinishi uning o‘g‘rilik ishlarida juda qo‘l keldi: u makulatura yig‘ayotgan maktab o‘quvchisi niqobi ostida boy odamlarning uylariga kirgan, bu “ishtiyoqli pioner” hatto o‘sha paytdagi vazir Shevarnadzening qo‘lidan qimmatbaho shveysar soatini o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan.
Lomidze 56 yoshida vafot etdi. U dafn etilganda, tobutda katta yoshli erkak emas, 10 yoshli bola yotardi.
Kendi Lo
50 yoshga kirgan gonkonglik modeler Kendi Lo 25 yoshga kirgan ayolga o‘xshashligi bilan mashhur. Ajinsiz yuzi, beg‘ubor silliq terisi, mukammal jussaga ega zamonaviy ayolning 50 yoshga to‘lganiga ishonish qiyin va u uch farzandning onasi.
Kendi o‘z “yoshligi”dan tijorat maqsadlarda foydalanishga qaror qildi. U “vaqtga bo‘ysunmaslik” nomli fotokitobini nashrdan chiqardi. Gonkongda kitob chaqmoq tezligida sotildi: hamma qarishni esidan chiqarib qo‘ygan go‘zalning abadiy yoshlik sirini bilishni xohlardi.
Kendi esa hech qanday sir yo‘qligi, hamma narsa juda oddiyligi – to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish va ijobiy fikrlashi tufayli qarishni sekinlashtirishga muvaffaq bo‘lganini aytadi.
Bordi-yu, agar bu odatlar haqiqatan ham abadiy yoshlikni kafolatlaydigan bo‘lsa, unda sog‘lom turmush tarzi muxlislari ko‘proq bo‘lgan bo‘larmidi...
B.Muhammadiyeva tayyorladi.