Qariyb ellik yil avval qurilgan maktab kapital ta’mirlanmoqda

Urgut tumani Pochvon mahallasidagi 27-maktab binosi qurilishi 1971 yilda boshlanib, 1978 yilda foydalanishga topshirilgan ekan. Ayni kunlarda qariyb ellik yillik tarixga ega ushbu binoda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

– 1072 nafar o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan maktabimiz binosi 2005 yilda joriy ta’mirlangan edi, – deydi maktab direktori vazifasini bajaruvchi Xurshid Xursandov. – Lekin bugungi sharoit bugungi kun talablariga javob bermasdi. Shu sababli 974 nafar o‘quvchini ikki navbatda o‘qitishga majbur edik. Yog‘ingarchilik paytida sport zalimiz tomidan chakka o‘tardi. Maktab binosi kapital ta’mirlanib, muammolarga barham berilmoqda.

- Shu yil 1 aprelda ta’mirlash ishlarini boshladik, - deydi “Mohli Oqila” xususiy korxonasi ish yurituvchisi Shuhrat Do‘stmurodov. – Korxonamiz shu paytga qadar 30 dan ortiq ishchi bilan faoliyat olib borar edi. Karantin davrida mahallaning yana 30 nafar yoshlarini qurilish ishlariga jalb qildik. 3 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga olib borilayotgan ta’mirlash ishlarini 1 avgustgacha yakunlashni rejalashtirganmiz.

 Endi pochvonlik o‘quvchi-yoshlar kelgusi o‘quv yilini zamonaviy ko‘rinish va sharoitlarga ega bo‘lgan maktab binosida boshlaydi, degan umiddamiz.

 Ayni paytda tumanning Vag‘ashti mahallasidagi 9-maktabda ham kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.