Qarzni vaqtida qaytarib olish uchun nima qilish kerak?
📲 Bir tanishim qiyin holatga tushib qolganligi sababli katta miqdorda qarz berib turishimni so‘radi. Qarzni qaytarishda muammo kelib chiqmasligi uchun nima qilsam bo‘ladi? (A.A. Xorazm viloyati)
✅ Adliy vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida ta’kidlanishicha, mazkur holatda qonunchilikda quyidagi tartiblar belgilangan.
📝 Siz tanishingizga 2 230 000 so‘mdan ortiq qarz bergan taqdiringizda yozma shaklda shartnoma tuzishingiz lozim (Fuqarolik kodeksi, 108-modda).
☑️ Qarz oluvchining tilxati ham yozma shartnoma o‘rniga o‘tadi.
✍️ Agar fuqaro jismoniy kamchiligi, kasalligi yoki savodsizligi tufayli bitimni shaxsan o‘zi imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan bitimni boshqa fuqaro imzolashi mumkin.
❗️ Bunday holatda boshqa fuqaroning imzosi notarius tomonidan tegishli tartibda guvohlantirilishi shart.
➡️ Shuni yodda tutingki, qarz shartnomasining yozma shaklda tuzilishiga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi. Biroq nizo chiqqan taqdirda bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlar bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmaydi.
❕ Qarz oluvchi olingan qarzni shartnomada nazarda tutilgan muddatda va tartibda qaytarishi shart.
🗓 Agar qarzni qaytarish muddati shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, qarzni qaytarish so‘ralgan kundan boshlab 30 kun mobaynida qaytarishi kerak.
📌 Muammo kelib chiqmasligi uchun qarz shartnomasini yozma shaklda tuzishingiz, istasangiz ushbu shartnomani notarial idorada tasdiqlashni talab qilishingiz mumkin.