Qashqadaryoda YPX xodimini ayovsiz kaltaklagan haydovchi qo‘lga olindi
Bundan avvalroq 12 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro YPX xodimini kaltaklayotgani aks etgan video tarqalgani xususida xabar bergandik, deb yozmoqda ziyonews.uz. Videoni ulashuvchilarning aniqliq kiritishicha, voqea Qarshi shahrida yuz bergan. Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida “Qashqadaryo ziyokori” muxbiri viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘landi.
Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Javlon Baxtiyevning “Qashqadaryo ziyokori”ga ma’lum qilishicha, voqea joriy yil 12 iyun kuni 15:40 da Qarshi-Shahrisabz avtomobil yo‘lining 1-kilometrida sodir bo‘lgan.
Javlon Baxtiyevga ko‘ra, yo‘lovchi tashish transport vositalari to‘xtash bekatida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, 1-yo‘l patrul xizmati 1-safarbarlik guruhi yo‘l patrul xizmati inspektori Bahrom Boboqulov to‘xtash mumkin bo‘lmagan joyda to‘xtab turgan, davlat raqami 70 K 064 NA bo‘lgan “Damas” avtomobili yoniga borib, haydovchi B.R.ga o‘zini tanishtirgan holda, hujjatlarni so‘raydi. Xodim haydovchiga huquqbuzarligini tushuntirgan holda, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘ladi. Bunga javoban haydovchi B.R. YPX inspektoriga qarshilik ko‘rsatib, unga bo‘ysunmasdan xizmat kiyimlarini yirtadi. Xodimning chap va o‘ng yelkasiga qo‘llari va qo‘lidagi tayyoq bilan urib, tan jarohati yetkazadi. Xodimni o‘z xizmat vazifasidan voz kechishga majbur qiladi. Bu ham yetmaganidek, YPX xodimining “Artel” rusumli qo‘l telefonini tortib olib, unga tegishli ratsiya va “jezla” tayoqchasini sindirib, voqea joyidan qochib ketadi.
Voqea joyiga yetib borgan shahar prokuraturasi tafsilotlarni o‘rganib, viloyat prokurori Botir Yusupovga maxsus xabarnoma kiritadi.
Xabarnomada qayd etilishicha, Qarshi shahar prokurori tomonidan “Damas” haydovchisi, 1995 yilda tug‘ilgan B.R.ga nisbatan 12 iyun kuni Jinoyat kodeksining 166-modda (Talonchilik), 219-modda (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish)lari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qo‘lga olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.