Qaynsingil yangasini o‘ldirdi, kamiga 9 oylik jiyanini ham pichoqladi
Qashqadaryoda janjal qotillik bilan tugadi. Bu haqda “Postda” xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Chiroqchi tumanidagi Toshli mahalla fuqarolar yig‘ini, Qorakamar qishlog‘ida M. va Sh.ning baxti ochilmadi. Ular uyda o‘tirib qolishdi. Sh. hamda qo‘shni uyda yashovchi akasining xotini M.Q. o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi.
Kelin va qaynsingil o‘rtasidagi uzoq yillik nizo joriy yilning 20 aprel kuni yana qo‘zg‘aldi. Shu kuni taxminan soat 09:00 larda ular janjallashib qolishgan.
Oqibatda jahlini jilovlay olmagan Sh. o‘zi bilan olib borgan oshxona pichog‘ini yangasining qorin va ko‘kragiga bir necha marotaba sanchib, uni qasddan o‘ldiradi.
Bu ham kamlik qilganidek, Sh. hali M.Q.ning 9 oylik go‘dagining qorniga ikki marta pichoq sanchadi. Yaxshiyamki, bolaning egnidagi kiyimlari qalinlik qilib, chaqaloqqa ziyon yetmaydi.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.