Qaysi tumanlarda terminal orqali savdo tushumi kamligi ma’lum bo‘ldi

Bank kartochkalari orqali hisob-kitoblarni rivojlantirish borasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’yektlari terminal o‘rnatmasdan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega emas. Terminal orqali to‘lovni qabul qilishni rad etganlik uchun 5 million so‘m jarima solinishi belgilangan. Ammo viloyatimizda terminaldan foydalanish talablariga barcha tadbirkorlar birdek amal qilmayapti. Bu esa bankdan tashqari naqd pul aylanmasining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Birgina oktyabr oyini tahlil qilganimizda viloyatda terminal orqali savdo va pullik xizmatlardan yalpi tushum hajmida 28,9 foizni tashkil etgan. Bu respublika bo‘yicha o‘rtacha 37,4 foizlik ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lib, hududlar orasida eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Bank kartalariga kirim qilingan 825 milliard so‘m miqdoridagi ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning teng yarmi, ya’ni 50 foizi bankomatlardan chiqim qilingan. O‘rnatilgan terminallarning 34 foizi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan umuman ishlatilmagan.

Noyabr oyining 20 kunida esa 890,1 milliard so‘mlik savdo va pullik xizmatlardan tushumning 27,8 foizi terminallar orqali kelib tushgan. Bank kartalaridan kirim qilingan 663 milliard so‘m miqdoridagi ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning 46 foizi bankomatlardan chiqim qilingan. O‘rnatilgan 32 069 ta terminalning 10 380 tasi yoki 32 foizi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlatilmagan. 

Foydalanilmayotgan terminallarning o‘rnatilgan terminallardagi ulushi Urgut tumanida 1 481 ta (46 foiz), Payariq tumanida 580 ta ( 44 foiz), Bulung‘ur tumanida 462 ta (44 foiz), Narpay tumanida 322 ta (43 foiz)ni tashkil etdi.

Savdo va pullik xizmatlardan tushum tarkibida terminallardan tushgan tushum ulushi Urgut tumanida 21 foiz, Bulung‘ur tumanida 22 foiz, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 27 foiz, Past Darg‘om tumanida esa 29 foiz foiz bo‘lib, bu boshqa hududlarga nisbatan past. 

Bank kartalaridan naqd chiqim qilingan ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning hajmi Kattaqo‘rg‘on shahri (62 foiz), Urgut tumani (55 foiz), Toyloq tumani (53 foiz), Samarqand shahri (51 foiz)da nisbatan ancha yuqori. 

Bankomatlar orqali bank plastik kartalaridagi naqdlashtirilgan mablag‘ning yanvar-oktyabr oylarida savdo tushumlari orqali bankka qaytishi tumanlar kesimida tahlil qilinganda Nurobod va Past Darg‘om tumanlarida naqd pul mablag‘larining 26 foizi bankka qaytgan bo‘lsa, Urgut tumanida bu borada 25 foizlik natija bilan eng past ko‘rsatkich qayd etilmoqda. 

Barcha tadbirkorlik sub’yektlari kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish qoidalariga to‘la rioya etishsa, savdo va pullik xizmatlardan tushumlarining hisob raqamlari orqali aylanishini ta’minlashsa, bu iqtisodiyot uchun ham, jamiyat uchun ham, qolaversa, korxonalar uchun ham foydali bo‘ladi. 

Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.