Qing‘ir yo‘l bilan topilgan boylik tatimadi
Urgutlik Nizomiddin, Rustam va Sherzod ham ana shunday kimsalar sirasiga kiradi. Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq og‘ir munosabat oqibatlarini bilsa-da, nafs yo‘lida bu yigitlarning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmadi. "Og‘u" savdosini o‘zlariga kasb qilishdi.
Nizomiddin avval ham sudlangan. Afsuski, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi va yana jinoyat yo‘lini tanladi. Dastlab u tanishidan 8 kilogramm opiy giyohvandlik moddasini xarid qilib, mijoz topib, sotdi. Anchagina foyda ko‘rdi. Orada Tojikiston Respublikasidan yangi tanish, sheriklar orttirdi. Bu esa uning "biznes"i yanada rivojlanishiga xizmat qildi. Unga Rustam, Nizomiddin yaqindan yordam berdi.
Bir gal 15, keyin esa 30 kilogramm opiy giyohvandlik moddasini qo‘shni davlatdan qabul qilib olgan bu jinoiy guruh uni sotish orqali katta daromad ko‘rdi. Uch yil davomida bu kabi noqonuniy savdo oqibatida nafs girdobiga g‘arq bo‘lishdi. Shahar markazidan uy, qo‘sha-qo‘sha mashina va tadbirkorlik uchun noturar joylar sotib olishdi. Ammo ne-ne insonlarning musibati, oila parokandaligi, yetim qolgan bolalar ko‘z yoshlari evaziga kelgan boylik tatimasligini ular kech anglashdi.
Nizomiddin, Rustam va Sherzod navbatdagi noqonuniy savdoni amalga oshirayotganda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Jinoyatchilar sud hukmi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Feruza NARZULLAYeVA.