Qirolicha taomi

«Margarita» pitssasi Italiya pazandaligining eng mashhur taomi hisoblanadi.

Pomidor, pishloq xar xil ko‘katlar uning mazaligi va shirinligini ta’minlaydi. Pitssa o‘z nomini qirol Umberto I ning rafiqasi, qirolicha Margarita Sovayskaya sharafiga olgan.

1889 yil qirolicha Neapolga tashrif buyuradi. U saroydagi mazali taomlari sog‘inib qoladi. Neapolda qirolicha mahalliy aholi yog‘li xamir taom - pitssa pishirib, ishtaha bilan tanovul qilayotganini ko‘radi. Uni qirolicha ham qiziqib, tatib ko‘radi.

“O, qanday mazali! - qirolicha hayratga tushadi. Neapoldagi taniqli  mohir oshpaz Rafael Espozitoni chaqirib, unga har kuni pitssa pishirib berishini so‘raydi.

Saroyga qaytgach, Rafaelga maqtov so‘zlar bitilgan noma yo‘llaydi. Maktubni o‘qib, to‘lqinlanib ketgan Rafel Espozito qirolicha sharafiga pitssani “Margarita”, deb nomlaydi.

***

Yovuz Shokolad

  Biz me’yoridan ortiqcha shokolad tanovul qilish organizm uchun zararli ekanligi haqida gapirmoqchi emasmiz. Gap bu sevimli shirinlikni tayyorlashda ishlatiladigan xomashyo yetishtirish atrof-muhitga qanchalik zarar yetkazayotgani haqida bormoqda. Tadqiqotchilarning fikrlariga ko‘ra, bu jiddiy ekologik muammodir.

Gana va Kot-d’Ivuar dunyoda kakao-don yetishtiruvchi yirik mamlakatlar hisoblanadi. Ushbu davlatlarda kakao plantatsiyalariga egalik qiluvchi fermerlar qanchalik ajablanarli bo‘lmasin qimmatbaho xomashyo yetkazib berishlariga qaramay, o‘ta qashshoq yashashadi. Muammo shundaki, fermerlar tuproq hosildorligini oshirish uchun qurblari yetmaydi. Yerni o‘g‘itlash, haydash va boshqa agrotexnik tadbirlar xarajatlari kattaligi oqibatida yer qashshoqlashib, hosildorlik pasayib ketmoqda. Fermerlar esa o‘rmonlarni kesib, yangi yer ochishga majbur bo‘lyapti. Bu esa tabiiy muvozanatni buzib, jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Misol uchun, 2000 yil boshidan buyon kakao fermerlari tomonidan bir yarim million gektar o‘rmon kesilib, yo‘q qilindi. Bu iqlimni global o‘zgarishiga olib kelgan. Kakao sanaoti esa shokoladga oshib borayotgan talab tufayli sifatli va ko‘proq kakao doni yetkazib berilishini so‘ramoqda.

T.Shomurodov tayyorladi.