Qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda yangi yo‘nalish ochiladi
“Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash, ularning urug‘chiligini yo‘lga qo‘yishni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–4901-son, 26.11.2020 yil) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi.
Dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish Markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Markazning o‘rmon fondi yerlarida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, Nukus, Xo‘jayli, Qorako‘l, Baxmal, Zomin, Kitob, Uzun, Boysun, Burchmulla, Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaliklari dorivor o‘simliklarni yetishtirishga, Quyi Chirchiq ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi dorivor o‘simliklar urug‘ va ko‘chatlarini tayyorlashga ixtisoslashtiriladi.
Shuningdek, G‘allaorol, Kogon hamda Urgut ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari tashkil etiladi.
2021/2022 o‘quv yilidan:
- respublika oliy ta’lim muassasalari biologiya yo‘nalishlarining 3 va 4-kurslarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- barcha qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda “Dorivor o‘simliklar yetishtirish agrotexnologiyasi” yo‘nalishi ochiladi.
Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.