Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qisqa vaqtda kasaba uyushmaga 113 ta boshlang‘ich tashkilot qabul qilindi

Gap Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qo‘mitasi haqida bormoqda.

Shu yilda faoliyatini boshlagan kasaba uyushmasiga yil boshida 103 ta tashkilotning 8 137 nafar a’zolar qabul qilingan bo‘lsa, keyingi 6 oyda 113 ta boshlang‘ich tashkilotning 9 146 nafar a’zolarini jamladi.

Bu haqda bugun viloyat Matbuot uyida Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qo‘mitasi raisi Jo‘shqin Ochilov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytildi.

Unda kasaba uyushmasi va ish beruvchi o‘rtasida tuziladigan jamoa shartnomasi tarmoq tizimiga a’zo barcha tashkilotlarda mavjudligi ta’kidlandi. Bu orqali tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan ishchi xodimlar, talabalar uchun munosib mehnat va o‘qish sharoitlari yaratilishi, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish qat’iy belgilab qo‘yilganligi aytildi.

Yil boshidan buyon kasaba uyushmasiga ishchi-xodimlardan 40 ga yaqin murojaatlar bo‘lgan. Ularning asosiylari ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasining ba’zi bandlariga amal qilinmayotgani keltirilgan. Bu kabi xatti-harakatlar joyiga borgan holda kasaba uyushma aralashuvi natijasida ijobiy hal etilgan.

Kasaba uyushmasi tomonidan ayniqsa, keyingi paytlarda ishchi-xodimlarning ijtimoiy manfaatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xorazm, Toshkent va Buxoro shaharlariga 116 nafar ishchi-xodim uchun 3 kunlik bepul sayohat tashkil etildi. 

Bundan tashqari, tarmoq tizimida mehnat qilayotgan 2486 nafar xodimlarning joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Marg‘ilon, Termiz, Shahrisabz, Qarshi kabi tarixiy shaharlarga hamda Samarqand shahridagi diqqatga sazovor qadamjolarga ish beruvchi mablag‘lari hisobidan sayohatlari uyushtirildi. 

Bundan tashqari, kasaba uyushmasi muhim sanalar munosabati bilan soha faxriylarini, eng faol ishchi-xodimlardan 550 nafarga yaqinini rag‘batlantirdi.

Bugungi kunga qadar tarmoq tizimidagi tashkilotlarda mehnat qilayotgan 117 nafar ishchi-xodimni ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga 27 million 862 ming so‘m moddiy yordam ajratildi.

Shuningdek, yubiley yoshga yetgan 23 nafar faxriyga 2 million 894 ming so‘m, Respublika hududida joylashgan sanatoriylarda dam olishlarini tashkil etish maqsadida 21 nafar xodimga 52 million 681 ming so‘m kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan va 45 nafar ishchi xodimga 106 million 175 ming so‘m mablag‘ ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi.

Husan Eltoyev.