Qisqa videolar - miya uchun xavfli

Qisqa videolar miyaga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bundan tashqari, ular qaramlikni keltirib chiqaradi. Xitoy Tyanszin pedagogika universiteti olimlari o‘z tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, ana shunday xulosaga kelishdi.

G‘arb OAVlarining yozishicha, tajribada 111 kishi ishtirok etgan. Sinaluvchilarning vazifasi kuniga o‘rtacha 95 daqiqa vaqtini olgan qisqa videolarni tomosha qilishdan iborat edi. Natijalar hatto olimlarni hayratda qoldirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bunday harakatlar odamlarning idrok etish, atrofdagi voqelik haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish, diqqat, xotira va nutq uchun javobgar - kognitiv qobiliyatini pasaytirgan.

Tadqiqotchilar ikki oy davomida qaror qabul qilishda ishtirok etadigan miya old qobig‘i hududidagi kulrang modda hajmi 2,3 foizga kamayganini shunday izohlab berishdi.

Bundan tashqari, uyqu bilan bog‘liq muammolar qayd etilib, uyquga ketish vaqti 40 foizga kechikdi. Uyqu sifati ham 30 foizga pasaydi, tajriba ishtirokchilarining yarmida surunkali uyqusizlik paydo bo‘ldi. Bunga qo‘shimcha diqqatni jamlash qobiliyati ham sezilarli darajada pasaydi.

Shuningdek, qisqa videolar tomoshasining hissiy ta’sirchanlik kabi salbiy ta’siri ham aniqlandi. Ishtirokchilarning 64 foizida xavotirlik hissi paydo bo‘ldi, 50 foizi esa dori-darmonlar bilan davolanadigan depressiyani boshdan kechirdi.

Olimlar qisqa videolar doimiy tomoshasi qaramligi 2-3 oy ichida shakllantirishi haqida gapiradi. Ularning fikriga ko‘ra, hatto olti oydan keyin ham miyani tiklash juda qiyin kechadi.