Qiymati qadrlanmayotgan xazina
2022-2026 yillarda Samarqandda charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish uchun qiymati 310 milliard so‘mlik 21 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqildi. Dastur ijrosi bilan mahsulot hajmi 3,2 barobarga ko‘paytiriladi. Charmdan poyabzal va charm-attorlik, tayyor tovarlar, shuningdek, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish orqali 2026 yilga borib, teri sanoatida ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Bunda tayyor charm mahsulotlarini 2,3, poyabzal 2,8, import o‘rnini bosuvchi butlovchi va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish 1,3 barobarga ko‘payadi.
Bundan tashqari, Urgut va Samarqand tumanlarida charm-poyabzal sohasiga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda viloyatda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaradigan 132 ta korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, mazkur korxonalar tomonidan 246,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ularning sanoat umumiy hajmidagi ulushi 1,1 foizni, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi esa 0,4 foizni tashkil etdi.
2021 yilda 28 korxona tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Ukraina, Moldova, Ozarbayjon va Afg‘onistonga 8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Korxonalar eksport geografiyasini kengaytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish uchun Rossiya, Turkiya va Moldova bilan eksport shartnomalari ustida ish olib borilmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yil to‘qqizta korxonada umumiy qiymati 82,1 milliard so‘mlik 13 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 262 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Urgut tumanida bugungi kunda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 66 ta korxonada minga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan 2021 yilda 133,8 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi. Tumandagi 19 ta korxona tomonidan 6,6 million dollarlik charm-poyabzal mahsulotlari eksportga chiqarilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining sanoatdagi ulushi 7,8 foizni tashkil etdi. 2021 yilda umumiy qiymati 82,1 milliard so‘mlik 13 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 262 ta ish o‘rinlari yaratilgan. Joriy yilda qiymati 52,7 milliard so‘mlik 4 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi bilan 150 dan ortiq fuqaro ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Tumandagi "Bog‘ishamol" mahallasida faoliyat yurituvchi "Poyabzal servis Urgut" mas’uliyati cheklangan jamiyati eng yirik poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri. 2007 yilda tashkil etilgan korxonada yiliga o‘rtacha 4,5 million juft 32 turdagi poyabzal ishlab chiqariladi.
– Charm-poyabzal uchun ishlatiladigan asosiy xomashyo poliuretan Xitoy va Turkiyadan keltiriladi, – deydi korxona bosh hisobchisi Hamroqul Melikov. – Tayyor mahsulotimizni asosan ichki bozorda sotyapmiz. O‘tgan yili korxonamiz tomonidan Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istonga 1,6 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilning birinchi choragida eksport 350 ming dollarni tashkil etdi. Kelgusida ishlab chiqarishni yanada kengaytirish niyatimiz bor. Sun’iy charm ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.
2022 yil 26 fevralda davlatimiz rahbarining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Mazkur hujjat mamlakatimizda qo‘shimcha qiymatga ega tayyor charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishni jadallashtirish va 2026 yilga borib, eksportni 2,8 barobar oshirishga qaratilgan.
Uni amalga oshirish uchun terini qayta ishlash, shuningdek, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish, mablag‘ ajratish, imtiyozlar berish kabi qator ishlar rejalashtirilgan. Xususan, viloyatimizda Samarqand tumanida 6 gektar, Urgut tumanida 2,2 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.
Hujjatda yakka tartibdagi tadbirkorlar teri xomashyosini yig‘ish va xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi alohida belgilab qo‘yilgan. Aholi zich joylashgan mahallalarda qoramollarni so‘yish va teri xomashyosini yig‘ish bo‘yicha ko‘chma xizmatlar tashkil etiladi.
Baxtiyor Mustanov.