Qizlarning nikoh yoshi o‘zgartiriladi

Nikoh yoshi ayollar uchun qonunan 18 yosh etib belgilanmoqda, deb ma’lum qildi Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Telegram kanalida.

"Bugungi fraksiyamiz majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi doirasida ushbu masala ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Endi loyiha navbatdagi yalpi majlisda ko‘rib chiqiladi.

“Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 1-moddasiga ko‘ra 18 yoshga to‘lmagan har qanday inson bola hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo‘shilgan. Biroq O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida o‘n sakkiz yoshga yetmagan shaxsni nikoh tuzishga (turmushga chiqishiga) ruxsat berilishi haqidagi normaning mavjudligi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq emas edi.

Yuqoridagilarga asosan, Oila kodeksining 15-moddasi birinchi qismi bilan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilanmoqda. Amalda esa 17 yosh", - degan deputat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, FHDYo organlari tomonidan 17 yoshda nikohi qayd etilgan xotin-qizlar soni 2016 yilda 4233 tani, 2017 yilda 4853 tani va 2018 yilda 5123 tani tashkil etgan.

Qonunning qabul qilinishi xotin-qizlarni erta nikohini va erta tug‘rug‘ini oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xorijiy mamlakatlarda nikoh yoshini belgilanganligi holati ham o‘rganilgan. Jumladan, Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Ukraina, Moldova, Fransiya, Germaniya va Filippin Respublikasida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilangan.

Uzoq vaqtdan beri ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lib kelayotgan nikoh yoshi masalasida hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham mantiqli qarorga kelinayotgani ko‘pchiligimiz uchun rozi bo‘lishga arzirli hol.