Qo‘shrabotga zamonaviy traktorlar keltirildi
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi H.Oqbo‘tayev Prezidentimizning qishloq xo‘jalik sohasiga qaratayotgan e’tibori zamirida chekka hududlarda yashayotgan aholining turmushini yaxshilash, farovonligini ta’minlash omili mujassam ekanligini ta’kidladi.
– Tumanimizda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p, – deydi tumandagi "Porloq qorabog‘" fermer xo‘jaligi rahbari R.Ochilov. – Yaqinda viloyatimizga tashrif buyurgan mamlakatimiz rahbari bu imkoniyatlarni ishga solib, eksportbop mevalar yetishtirishni bizga vazifa qilib berdilar. Ammo bu ishni amalga oshirishimiz uchun tumanimizda qishloq xo‘jalik texnikalari yetishmasdi. Mana, u kishining taklifi va tashabbusi bilan mashina-traktor parkimiz zamonaviy texnikalarga ega bo‘ldi. Biz, fermerlar endilikda ushbu texnikalardan ijara-shartnoma asosida foydalanib, tumanimizning mavjud salohiyatini yuzaga chiqarishimiz mumkin.
Tadbir davomida tuman fermer va dehqon xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirish, baliqchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hamda mahsulotlarni eksportga jalb qilish yuzasidan fikrlashib olindi.
To‘lqin XALILOV.