«Qog‘ozbozlikni yo‘q ko‘rgani ko‘zim»

Maqolada bugungi kunda ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlarni tarbiyalashga to‘siq bo‘lib turgan muammo ko‘tarilgan. Maktablarda o‘qituvchilar orasida "Qog‘oz gapiradi", degan ibora ko‘p aytiladi. Chunki tinimsiz kelayotgan tekshiruvchilar o‘qituvchining asosiy faoliyatini u yuritgan qog‘ozlarga qarab baholaydi.

"Faoliyatim qoniqarsiz chiqmasin", deb o‘qituvchi vaqtining katta qismini hujjat tayyorlashga sarflaydi. Bu o‘qituvchidan vaqt, asab va papka-papka qog‘oz uchun pul talab qiladi. Papkalarni to‘ldirishga band bo‘lgan o‘qituvchi, eng asosiy ishiga, ya’ni o‘quvchini o‘qitish va tarbiyalashga kam vaqt sarflaydi. Bu esa bolalarning ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Men bu bilan ta’lim muassasalarida hujjatlar yuritilmasin, demoqchi emasman. Qat’iy tartibda, samaradorligi bor hujjatlar me’yor asosida yuritilsin, demoqchiman. Bundan tashqari, bu sohadagi ilg‘or xorij tajribasini olib kirish davri allaqachon yetdi, deb hisoblayman.

Ne’mat ASQAROV,

Past Darg‘om tumanidagi 7-maktab o‘qituvchisi.