Qon rangi yashil bo‘lishi mumkinmi?

Odatdagi qonning qizil rangi gemoglobin - kislorod tashuvchi pigment tufayli yuzaga keladi. Tabiatda ko‘plab umurtqasiz hayvonlar kislorodni tashish uchun gemoglobinni emas, balki turli metallarning ionlaridan tashkil topgan boshqa “ishchi soha” pigmentlaridan foydalanishadi. Xususan, ko‘plab mollyuskalar, bo‘g‘imoyoqlilar va boshqa ba’zi hayvonlarning qonida mis ioniga ega pigment - gemotsianin mavjud. Ko‘pincha, bu birikma qonni ko‘k rangga aylantiradi, ba’zilari, masalan, qisqichbaqasimon baliqlarning qoni ko‘k-yashil rangga ega.

Kambodjada topilgan qurbaqa turlaridan birining ham qoni yashil. Bu biliverdin pigmenti bilan bog‘liq. Biliverdin jigarda (shu jumladan odamlarda) gemoglobin parchalanishi natijasida hosil bo‘ladi va safroga aynan u yashil rangni beradi. Biroq, bizdan farqli o‘laroq, qurbaqa tanasidagi safro ichak orqali chiqarilmasdan, qaytib qoniga kiradi.

“Chiromantis samkosensis” qurbaqasining shaffof terisi orqali oqib turgan yashil qoni ko‘rinib turadi. Bu rang unga chakalakzorlarda ko‘rinmas bo‘lish imkonini beradi.

Odamlarda ham yashil qon bo‘lgan holatlar kuzatilgan. Bu juda kamdan-kam hollarda, qondagi oltingugurt birikmalari oshib ketganda (masalan, ushbu elementni o‘z ichiga olgan dorilarni suiiste’mol qilish natijasida)  sodir bo‘ladi. Oltingugurt gemoglobin bilan osongina bog‘lanib, sulfogemoglobin birikmasini hosil qiladi va inson qoniga avokado terisi kabi quyuq yashil rangni beradi. Qoida tariqasida, bu “muammo” yashil qon egalarini bezovta qilmaydi.

2007 yilda 42 yoshli kanadalikni operatsiya qilgan jarrohlar bemorning qoni to‘q yashil rangda ekanligini ko‘rib, hayratga tushishgan. Ajablangan shifokorlar darhol uni tahlilga yuborishadi. Tadqiqot erkakdagi qon rangining o‘zgarishi sulfgemoglobinemiya tufayli yuzaga kelganliginii ko‘rsatadi.

 Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.