«Qo‘ng‘irot» qishloq vrachlik punkti usti yaltiroq, ichi...

Ishtixon tumanida 7 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan sobiq “Qo‘ng‘irot” QVPga qarashli bugungi kunda shifokorlar uyi sifatida qoldirilgan bino o‘n yildan buyon avariya holatida. 7 xonadan iborat binoning devorlari nuray boshlaganiga 2 yil bo‘lgan. Bitta xona devori ko‘cha tomondan butkul qulab tushgan. Binoga tutash joyda yanada achinarli holda shifokorlar uyiga qarashli eski, foydalanilmaydigan imorat ham bor.

Tibbiyot punkti yangidan ta’mirlangan bo‘lsa-da ranglangan devorlar nurab tushib, binoning eskiligini yashira olmay qolgan.

- Bir yilda uch martagacha ta’mirlaymiz, ammo foydasi yo‘q, - deydi bosh shifokor Asomiddin Hamroyev. – Sababi, bino 1970 yilda qurilgan va dala shiyponi bo‘lgan. Yonidagi foydalanilmaydigan bino tibbiyot punkti edi. Keyinroq dala shiyponi bog‘chaga berildi. 1992 yilda bog‘cha binosi qishloq vrachlik punkti tasarrufiga o‘tdi.

2017 yilda QVP optimallashtirilgach, bino shifokorlar uyi sifatida saqlanib qolindi. Aholi tuman markazidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga biriktirildi. Oraliq masofa 15 kilometrni tashkil etgani uchun shifokorlar uyida 6 nafar patronaj hamshira aholiga birinchi yordam ko‘rsatadi. Binoning bir xonasi doimiy yashash uchun bosh shifokorga berilgan. Qolgan tibbiyot xonalari xizmat ko‘rsatish uchun jihozlangan. Afsuski, eski binodagi tibbiyot asbob-uskunalari ham zamon talablariga javob bermaydi. Hatto kirish yo‘lagidagi navbatchi hamshiraning qo‘lida tana haroratini kontaktsiz tarzda tekshiruvchi zamonaviy termometr yo‘q.

- Rost, o‘nta qishloq aholisiga xizmat qiladigan shifokorlar uyi avariya holatiga kelganiga ancha bo‘lgan, - deydi tuman markaziy shifoxonasi iqtisodiy va umumiy masalalar bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Bahodir Norjigitov. – Biz bu haqda tegishli tashkilot rahbarlarini ogohlantirganmiz. Mana, yaqinda Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan o‘rganish davomida bu muammo yana o‘rtaga tashlandi. Binoni qayta qurish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi, nasib etsa, ish boshlanadi…

Ishchi guruh xulosasidan so‘ng, tegishli soha mutaxassislari tomonidan binoning yaroqliligi holati texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Texnik ko‘rik natijalari yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur binoning joyidan emlash punkti qurish bo‘yicha 750,0 million so‘mlik loyiha-smetasi ishlab chiqdi. Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020 yil 22 maydagi qaroriga asosan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Ishtixon tumani hokimligi mahalliy byudjeti hisobidan joriy yilning 1 sentyabrigacha binoni rekonstruksiya qilish ishlari belgilandi. Ammo hanuzgacha shifokorlar uyida rekonstruksiya ishlari boshlangani yo‘q.

Bugungi pandemiya sharoitida o‘nta qishloq aholisiga xizmat qiladigan tibbiyot punkti yaroqsiz ahvolda bo‘lsa, bemorlar sarson bo‘lib 15 kilometr uzoqlikdagi tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasiga boradimi? Ham kunning issig‘i, ham karantin sabab ko‘chadagi harakatlanishning cheklangani bemorlarga noqulayliklar tug‘dirmaydimi?

Xurshida ERNAZAROVA,
Baxtiyor MUSTANOV,
"Zarafshon" muxbirlari.