QONUN LOYIHASI: tomorqadan foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchayishi mumkin
Oliy Majlis deputatlari tomorqa yer egalarining tomorqalardan oqilona foydalanmagani uchun javobgarligini kuchaytirishga oid qonun loyihasini ishlamoqda.
Deputatlarning fikricha, koronavirus pandemiyasi iqtisodiyotga salbiy ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shu sababli, xalqimizni yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlash muhim vazifa bo‘lib turibdi. Albatta, ushbu jarayonda fermer, dehqon xo‘jaliklari bilan bir qatorda, tomorqa yer egalarining ham alohida o‘rni bor. Aholi o‘ziga ajratilgan yerdan unumli foydalanishi, ko‘proq hosil olishga harakat qilishi kerak.
Yangi qonun loyihasi aholining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda alohida modda bilan ma’muriy javobgarlik o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, tomorqa yer uchastkasidan asossiz ravishda oqilona foydalanmaslik jarima solishga sabab bo‘lishi aks etmoqda. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa unda ham jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanyapti.
Siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari ushbu qonun loyihasiga qanday munosabat bildiradi, hozircha noma’lum.
O‘zA.