Qonun yangi tahrirda qabul qilindi: nima yangiliklar bor?

Mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida o‘rin tutishini e’tiborga olgan holda keyingi to‘rt yilda sud-huquq sohasi izchillik bilan isloh qilinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham sud-huquq sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratilib, mazkur yo‘nalishdagi islohotlar izchil davom ettirilishi ta’kidlangan edi.

Ana shu e’tibor natijasida 2021 yil qonunchilikda sermahsul va samarali bo‘lmoqda. Sud-huquq islohotlarining davomi sifatida 12 yanvar kuni Prezidentimiz bir qator qonunlarni imzoladi. Bu qonunlarda sud tizimini keskin isloh qiluvchi o‘zgarishlar mustahkamlangan.

Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan qabul qilingan qonunlar sud-huquq tizimidagi islohotlarning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

2021 yil 18 fevralda qabul qilingan qonun bilan O‘zbekiston qonunchiligi tarixida bo‘lmagan yangiliklar joriy etildi. Rivojlangan davlatlar yurisdiksiyasida turli ko‘rinishlarda muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinayotgan dastlabki eshituv, ko‘rsatmalarni mustahkamlab qo‘yish, aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv kabi amaliyotlar, milliy qonunchiligimizga, qolaversa milliy mentalitetimizga moslashtirib ishlab chiqildi.

2021 yil 27 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan yangi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonun ham muhim yangiliklar sirasiga kiradi. Chunki, mazkur qonunda butunlay yangi tartiblar mustahkamlangan.

Sud-huquq islohotlarining davomi sifatida “Sudlar to‘g‘risida”gi yangi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 15 iyunda qabul qilingan edi. Senat tomonidan esa 2021 yil 26 iyunda ma’qullandi va 28 iyulda davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Mazkur qonun davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini  oshirishga  doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qonun sudlarning tuzilmasi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar, Oliy sud, sud hay’atlari, Oliy sud Rayosati va Plenumi vakolatlari doirasini nazarda tutadi.

Hujjatda sudyalik lavozimiga nomzod va sudyaga qo‘yiladigan talablar, shuningdek sudyalarni, sudlarning raislari va rais o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi batafsil ko‘rib chiqilgan.

 Sud tizimida tashkiliy-tarkibiy o‘zgartirishlar nazarda tutilgan. Sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish va tugatish asoslari va tartibi, sudyalarning moddiy ta’minoti va ularni ijtimoiy himoyalash choralari qat’iy belgilab qo‘yildi.

Qonun 14 bob, 101 moddadan iborat bo‘lib, uning har bir moddasi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, o‘zida aks etgan masala bo‘yicha konkret yechim, aniq ko‘rsatma beradi. 

1-moddada O‘zbektiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatlaridan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirib olishga haqli emas.

4-modda “Sudning asosiy vazifalari” deb nomlangan. Unda mustahkamlanishicha, sudning asosiy vazifalari fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek, inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari va erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.

Sudning faoliyati qonun ustivorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolarning tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgan.

Mazkur Qonunning asosiy jihatlariga e’tibor qaratamiz. Unga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.

O‘zbekistonda sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.

Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.

Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.

Shu bilan birga, Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.

35 yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkinligi belgilandi.

Sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi.

Oliy sud sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun – 65 yoshni tashkil etadi.

Uy-joyga muhtoj bo‘lgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan ta’minlanadi.

Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bog‘liq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.

Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinadi.

Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.

Sud hokimiyati mustaqil, sud tizimi mukammal, sudya ijtimoiy, moddiy va ma’naviy himoyalangan bo‘lsagina adolat tantana qiladi.  Ushbu qonunda aynan shu muhim masalalar yechimi mustahkamlangan.

Olim HAYITOV,

Samarqand viloyat sudi raisi.