Qonunga amal qilgan tadbirkorga imtiyoz, qilmaganiga sanksiya qo‘llaniladi

Bu haqda Samarqandda servis sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farrux Ahmedjonov ma’lum qildi.

— Prezidentimizning “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorlarga yana bir qator soliq imtiyozlari berilmoqda, — deydi F.Ahmedjonov. — Unga ko‘ra, joriy yilning 1 aprelidan 2025 yilning 1 yanvariga qadar hujjatda ko‘rsatilgan faoliyat turini olib boruvchi barcha tadbirkorlik sub’yektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirildi. Biroq buning o‘z sharti bor. Ya’ni, tadbirkorning bu yo‘nalishdan olgan daromadi joriy hisobot yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etishi hamda unda mehnat qiluvchi barcha xodimlar bilan qonuniy mehnat shartnomasi tuzilgan bo‘lishi kerak.

Agar tadbirkorlik sub’yektida xodimlar sonini yashirish holati aniqlansa, mazkur soliq imtiyozi to‘xtatilib, uning faoliyatiga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi belgilangan. Shuningdek, 2027 yil 1 yanvarga qadar mehmonxona va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo komplekslari uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalarini 90 foizga kamaytirib to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, bu chora-tadbirlar tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash barobarida, sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, jarayonda ijtimoiy nazoratni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ayni yo‘nalishda soliq xizmatining yana bir loyihasi — iste’molchiga xarid summasidan 1 foiz miqdorda keshbek qaytarish mexanizmi ham yuqori samara beryapti. Xususan, viloyatimizda loyiha kuchga kirgach, iste’molchilar tomonidan xarid chekini talab qilib olish ikki-uch barobarga, ayrim hududlarda 8 barobargacha ortgan.

Asqar Barotov.