Qor-ko‘rpaga burkanib
- Senga nima bo‘ldi, - Kurtak qo‘shnisining sap-sariq, tilla rangiga xavotir bilan qarab so‘radi.
- Hech nima, - jilmaydi - u, - axir kuzku, hozir. Tabiat o‘z ishini qilayapti. Bugun-erta ona daraxtning poyiga bosh qo‘yaman.
- Ey men ham shunaqa qilamanmi?
- Ha albatta, axir yaproq umrimizni yashadikku. Erta bahorda kurtak bo‘ldik. Yozda meva tugdik, pishdi ular. Odamlar bahramand bo‘lishdi.
- Men meva tugmadim-ku, - xo‘rsindi Kurtak, - nima bilan maqtanaman?
- Borliging bilan - jilmaydi qo‘shnisi - kelgusi bahorda men hosil qilmayman. Sen meva tugasan. Bu yil menga qancha yordam berding. Men mevaga shira berish bilan ovora bo‘lganimda sen toza havo ishlab chiqarding. Quyoshdan mevamni pana qilding.
- Ha-ya, - yengil tortdi Kurtak, keyin yana tashvishlandi, - odamlar buni bilisharmikan?
- Albatta, albatta bilishadi. Hayotdagi har bir mavjudot foydali ekanligini ular juda yaxshi his qiladi.
Shu payt shamol esib yaproq chirt etib uzildi.
- Qayoqqa? - jon holatda qichqirdi Kurtak.
- Xayr, qo‘shnijon, - Yaproqning ovozi keldi osmondan, - endi bahorda ko‘rishamiz, - lekin daraxtda qolib ketma - qiyin bo‘ladi senga.
Kurtak qo‘shnisini ancha kuzatdi. U ancha vaqt osmonda shamol bilan sayr qildi. Keyin aylanib - aylanib daraxt poyiga kelib tushdi. Yer yaproqlarga to‘lib ketgan edi.
Kurtak chuqur xo‘rsindi, Bir mahal qarasa, boshqa hech kim qolmabdi, daraxtda.
- Boraqol, jigarim, boraqol, - uni erkaladi Ona daraxt, - yolg‘iz qolding, bir o‘zinga qiyin bo‘ladi.
Kurtak ixtiyorini shamollarga topshirdi. Shamol uni ohistagina olib borib, qo‘shnisinig yoniga qo‘ydi, Ular biram sevinib ketishdiki...
- Endi nima bo‘ladi? - so‘radi Kurtak.
- Endimi? Endi shamol Ona zaminga oppoq ko‘rpa olib keladi. U ko‘rpaning nomi Qor. O‘shanga o‘ranib uxlaymiz. Qish bo‘yi uxlaymiz. Bahorda yana shamol kelib bizni uyg‘otadi.
- Qishni ham daraxtda o‘tkazsak bo‘ladimi? - so‘radi Kurtak.
- Yo‘q, - dedi Yaproq - qishda shamollar yovuz bo‘lib ketadi. Ko‘ziga ko‘rinmaganing yaxshi. Uxlab, qish bo‘yi yaproqqa aylanamiz.
...Ikkovlon ko‘rpani kutib xayollarga berilishdi. Kurtak oq qorni ko‘rmagandi. Yuragi orziqqandan orziqardi.
- Entikaverma, - dedi Yaproq qo‘shnisi, - sabr qil. Qor shunday chiroyliki? Hali o‘zing ko‘rasan.
- Kurtak tinchlandi. Chunki Ona zamin bag‘rida ilk bor Qorni, oppoq ko‘rpa-qorni ko‘radi! Ko‘rpaga mehribon qo‘shnisi Yaproq bilan burkanishadi...
Abduaziz HOShIMOV.