Qora chiziq: “Jinoyatchi emasman”

Nodirbek o‘g‘irlik bo‘yicha juda katta tajribaga ega bolalardan biri. Internatdan qochib chiqsa bo‘ldi, uni topib kelgunimizcha kimnidir “sho‘ri quriydi”. Mohir va o‘zidan iz qoldirmaydigan o‘g‘ri. Asli farg‘onalik. 7-sinfda o‘qiydi. Bugun u bilan suhbatimiz uzoq cho‘zildi. Tug‘risi, biz vaqtimizni bir-birimiz bilan muloqot qilish o‘rniga ko‘proq sukut saqlashga sarfladik. U tinimsiz yig‘lar, yig‘laganda ham hungrab, piqillab emas, jimgina ko‘zyosh to‘kardi. Gohida yonoqlaridan oqib tushayotgan tomchilarni jilovlay olmas, kaftlari, ba’zida yengi bilan tez-tez artar, yig‘isini to‘xtata olmayotganidan asablari tarang tortib borardi. Men esa unga to‘yib-to‘yib yig‘lashi uchun ataylab imkon berardim. Bir to‘xtab, bir yig‘lab gapirar ekan, asta-sekin ko‘nglini ancha bo‘shatdi. O‘zi betartib, yalqov o‘g‘ri, lekin ichi to‘la dard. Bu darddan, yuragini kemirayotgan qandaydir yomon hislardan ozod qilish uchun unga mehr kerak.
- Sen yaxshi yigitsan, - deyman unga sochini silab. Bu so‘zimdan u menga yalt etib qaraydi. O‘ziga berilayotgan bunday bahodan g‘urur hissini seza boshlaydi.
- Domlajon, meni biron bir panjarasi bor xonaga o‘n-o‘n besh kun qamab qo‘ying, - deydi ko‘zini yerdan uzmay. - Chunki bu yerga kelganimga ikki hafta bo‘lgan bo‘lsa-da, urganolmayapman. Eski hayotimni qumsayapman, onamni sog‘inayapman. Bu yerga ko‘nikishim, hammasini esdan chiqarishim uchun shunday qiling.
- Unday qilolmayman, bolam, - deyman uni yanayam mahkamroq quchoqlab.
U esa buni xohlamasa ham o‘zini tuta olmasligini, internatdan yana qochib chiqishi, o‘g‘irlikka qo‘l urishi, bu bilan meni uyaltirib qo‘yishi mumkinligini bitta-bitta gapira boshlaydi.
Uning bunday qilmasligi uchun o‘zini qo‘lga olishi, men ham qarab turmasligim, yaxshi bola bo‘lishi uchun birgalikda kurashishimiz lozimligini ta’kidlayman. Yo‘l-yo‘lakay ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rmoqchi bo‘laman.
- O‘g‘irlik qilsang seni qamab qo‘yishlaridan qo‘rqmaysanmi?
- Yo‘q.
- Nega?
- Chunki meni qamasholmaydi. Voyaga yetmaganman. Necha marotaba o‘g‘irlik qilsam ham qamashmadi. Oxir-oqibat shu internatga keldim. Yana bir gap, qo‘rqqan odam o‘g‘irlik qilolmaydi. Qo‘rqmaslik kerak.
- O‘g‘irlikni qanday amalga oshirasan, uyning egasi ko‘rib qolmaydimi?
- Avval hovlini yaxshilab kuzataman. Devoridan oshirib ichkariga tosh otaman. Shundan so‘ng o‘zimni panaga olaman. Ichkarida odam bo‘lsa, tashqariga chiqib qaraydi. Chiqmasa, demak, hech kim yo‘q. Keyin esa ikki yon qo‘shnilar hovlisi ham e’tiborimdan chetda qolmaydi...
Shundan keyin taklifimga ko‘ra, xonamga o‘qituvchilardan biri kirib keladi.
- Nodirbekni kiyintirasiz, shaharga olib chiqib aylantirasiz, - deyman unga. - Muzeyga olib kiring, tarixiy obidalarni ko‘rsating, muzqaymoq olib bering. Ko‘nglining chigali biroz yozilsin.
Ular chiqib ketishadi. O‘ylayman, Nodirbekning mana shu internatgacha kelishiga kim aybdor? Uning o‘zimi, do‘stlarimi yoki u o‘sib-ulg‘aygan muhitmi? Balki, eng katta ayb ota-onasi va o‘qituvchilaridadir. U bilan qilgan uzoq suhbatim davomida ana shu savollarga javob izlay boshladim.
- O‘g‘irlik bilan amakimning o‘g‘li ikkalamiz shug‘ullanganmiz, - deydi Nodirbek. - Avval qo‘shnimizning uyini tunadik. Pulni ikkiga bo‘lib, tuman markazidagi bog‘da maza qilib sarfladik. Yedik, ichdik, ertasiga kutdik - endi nima bo‘larkin, deb. Hech narsa bo‘lmadi. Qo‘shnimiznikida ham, uyimizda ham, maktabda ham jim-jitlik. Besh yuz ming so‘m pul o‘g‘irlanganimiz haqidagi gapning sasi umuman chiqmadi. Ota-onamiz ham, maktab o‘qituvchilarimiz ham tuman markaziga nega boruvdilaring, qanday qilib bordilaring, borib nima ish bilan shug‘ullandilaring, degan savolni berishmadi. Asta-sekinlik bilan biz yana boqqa borishni, yeb-ichishni qumsay boshladik. Buning uchun pul kerakligi, uni faqat o‘g‘irlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishimiz mumkinligini yaxshi tushinardik. Amakivachcham bilan kelishib qo‘shni mahalladagi xonadonlardan biriga “hujum” boshladik.
- To‘g‘ri kelgan xonadonga kirasizlarmi? - so‘rayman undan. U sekin miyig‘ida kulib qo‘yadi. Bu shunchaki oddiy kulish emas. Sodda odamning sodda savoli ustidan kulish edi.
- Yo‘q, oldin vaziyatni o‘rganamiz. Kuzatamiz. Uyda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilsak, keyin ichkariga kiramiz. Shunday qilib, ikkinchi marta ham “ovimiz” baroridan keldi. Yana yeb-ichdik, o‘zimizga u-bu narsa xarid qildik. Bu safar o‘sha mahallada o‘g‘irlik bo‘lganligi to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqaldi. Lekin bizdan hech kim gumon qilmadi. Hatto magazindan xarid qilgan buyumlarimizni qayerdan olganligimiz bilan uydagilarimiz qiziqishmadi ham. Maktabda esa o‘qituvchilarimiz nega darsga kelmaganligimizni so‘rashar, “ikkinchi bunday qilmagin, darslarga qatnashgin”, degan gaplar bilan chegaralanishar edi. “Bundan buyon dars qoldirma, tushundingmi”, deyishsa, ha derdim. Aslida hech narsani tushunishni istamasdim.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, uchinchi, sal keyinroq to‘rtinchi o‘g‘irlikka qo‘l urdik. Bizni tutib olishgan, muhokama qilishgan paytlari ham bo‘ldi. Endi biz bu yo‘ldan qaytishni mutlaqo o‘ylamasdik. Yana va yana davom ettira boshladik. Oxir-oqibat ichki ishlar xodimlari meni bu yerga, ammakivachchamni Sirdaryoga jo‘natishdi.
- Otang vafot etgan bo‘lsa, yolg‘iz onangning qo‘lida qolgan bo‘lsang, shu onangning pand-nasihatlariga quloq solib yursang bo‘lmaydimi, - so‘rayman undan.
Nodirbek yana kulimsiraydi. Qandaydir sirni oshkor qilish, qilmaslik to‘g‘risida og‘iz juftlaydi. Lekin aytolmaydi. Men buni sezganim uchun ham dilidagini bilish uchun “ezmalik” qilishda davom etaman. Nihoyat u “yoriladi”.
- Bilasizmi, domla, onamning o‘zi o‘g‘ri. Biz birgalikda juda ko‘p o‘g‘irlik qilganmiz. Qo‘ni-qo‘shninikiga o‘tsak, biror-bir narsani qo‘ltig‘iga tiqib chiqishini ko‘p ko‘rganman. Keyinchalik meni va akamni tashlab, qo‘shni qishloqqa turmushga chiqib ketdi. Bobomning qo‘lida qoldik. Hozir ham onam bilan bordi-keldini uzganimiz yo‘q. Lekin akam ikkimizni tashlab, turmushga chiqib ketgani yoqmaydi. Meni o‘g‘irlikka urgatib o‘zi “qochib ketdi”.
Keyinchalik bunga o‘zim ham guvoh bo‘ldim. Nodirbekning onasi o‘g‘lini ko‘rish uchun internatga keldi. Kabinetimda suhbatlashdik. Ko‘zi “olma terishi”ni, u yoqdan bu yoqqa tez-tez qarashini sezdim. Shumligim tutdi. “Mehmon”ni yolg‘iz qoldirib tashqariga chiqdim. U xonamda videokamera borligini tasavvur ham qilmagan edi. Birozdan so‘ng qadrdon videokameram shubhalarim to‘g‘ri ekanligini, men chiqib ketganda ayol joyidan turib stolim tortmasini tortib ko‘rganligini, titganligini, qog‘ozdan bo‘lak hech narsa topolmagach, sekin yopib qo‘yganligini “aytib berdi”...
Abduhalim MELIYeV.