Qora dengiz bo‘ylab 30 kilometr suzib o‘tgan yigit qissasi
Zamonaviy avlod uchun SSSR temir pardasidan chiqa olish deyarli mumkin bo‘lmaganligi, bu qilmish vatanga xiyonat bilan tenglashtirilgani va vatan xoini deb topilganini tasavvur qilish qiyin bo‘lsa kerak. Biroq har qanday noroziliklarni bostirib qo‘yish uchun mo‘ljallangan totalitar tuzumga qarshi chiqadiganlar ham topilgan.
Tuzumdan hafsalasi pir bo‘lgan va 1962 yilda o‘z vatanidan qochib ketganlardan biri Pyotr Patrushev edi.
U 1942 yilda Tomsk viloyatida dunyoga keldi. 1956 yilda Pyotr Tomsk shahridagi texnikumga o‘qishga kirdi. Aynan shu yerda u suzish, tibbiyot, psixologiyaga oid kitoblarni o‘qish va chet tilini o‘rganishga qiziqa boshladi. Sportda ajoyib natijalarga erishib, texnikumni tugatgan Pyotrning nomzodi 1964 yilgi Tokio olimpiadasiga suzish bo‘yicha terma jamoaga kiritish uchun ko‘rib chiqilayotgan paytda u 1960 yilda armiyaga chaqirildi.
Iqtidorli sportchi sifatida u Novosibirsk armiyasi sport klubida xizmat qildi va suzish bilan faol shug‘ullandi. Dastlab xizmat muvaffaqiyatli o‘tayotgan edi, lekin u va uning murabbiyiga qarshi chiqqan sobiq KGB zobiti (Beriyaning quroldoshi sifatida yuqori lavozimdan tushirilgan va Tomskka surgun qilingan) Shkolnik familiyali shaxs paydo bo‘lishi bilan hamma narsa o‘zgardi.
Bu odamning Novosibirsk shahar KGBsiga qilgan qo‘ng‘irog‘i Pyotrni sport bo‘linmasidan oddiy bo‘linmaga o‘tkazish uchun yetarli bo‘ldi. U yerda Pyotr o‘sha davrdagi ko‘plab harbiy xizmatchilar singari qattiq tazyiqlarga duch kela boshladi.
Yoshi katta askarlar bilan o‘zi va safdoshlarini xo‘rlanishdan himoya qilib ochiq to‘qnashuvga kirishgan askar qattiq kaltaklandi va agar u tan bermasa, mayib qilinishi yoki o‘ldirilishi bilan tahdid qilindi.
Hayoti xavf ostida qolgan Pyotr ruhiy parokandalikni ko‘rsatishga qaror qildi, natijada u Tomsk shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Davolanish boshlanishini kutmasdan, u ushbu muassasadan qochib, murabbiyi Genrix Bulakin uyida yashirindi.
Klinika shifokorlari bu voqeani oshkor qilmaslik niyatida qochoqni akasining qaramog‘iga o‘tkazib berishdi. Biroq Pyotr endi uni tinch qo‘ymasliklarini, u hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmasligini tushunib olgan edi. Shunda u mamlakatdan qochib ketishga qaror qildi va juda g‘ayrioddiy yo‘lni tanladi.
U suzish orqali qochishga harakat qildi va maqsadiga erishish uchun ko‘zga tashlanmasdan Turkiya bilan 15 kilometr uzoqlikdagi chegaradosh Gruziyaning Batumi shahri sohiliga keldi. Garchi ko‘pchilik ushbu yo‘l bilan qochib ketishga harakat qilgan bo‘lsa-da, ular chegarachilar tomonidan qo‘lga olingan, to‘r to‘siqlarga chigallashib qolgan yoki charchab Qora dengiz suvlariga g‘arq bo‘lib, orzu qilgan qirg‘oqqa yetib bora olmagan edi.
Barcha to‘siqlar va nazorat punktlarini chetlab o‘tadigan, taxminan 30 kilometrni tashkil etgan marshrutni tuzib, 1962 yil 15 iyunida quyosh botgan paytda Pyotr Batumi shahri qirg‘oqlari yaqinidagi suvga kirdi.
Suzish juda qiyin kechdi. Oyoqlarida lasta va faqat suzish kiyimi kiygan Pyotr chegara projektorlari, quruqlik xizmatlari, hududlarni qo‘riqlaydigan katerlardan yashirinib, bir necha marta Qora dengizning qa’riga sho‘ng‘idi va juda ko‘p kuchini yo‘qotdi, so‘ng ochiq dengizda chalqancha yotib dam olib, kuch to‘plab suza boshladi.
Orzu qilingan qirg‘oqqa yetib borgan Patrushev mahalliy chegarachilar tomonidan qo‘lga olindi. Ular uning shunchalik katta masofani suzishga qodir ekanligiga va o‘z vatani chegarachilari tomonidan ushlanmasdan suzib chiqqanligiga ishonmadi.
Turkiya hukumati Patrushevni KGB bilan aloqada bo‘lganlikda gumon qilganligi sabab Pyotr bir yildan ortiq vaqt davomida qamoqda o‘tirgan. SSSRda esa uning qochib ketgani aniqlangach, unga qarshi jinoiy ish ochildi va vatanga xoinlikda ayblanib, sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilindi.
1964 yilda Turkiya hukumati Patrushevni qo‘yib yuborgach, u Avstraliyaga ko‘chib o‘tdi va 1968 yilda shu davlat fuqaroligini oldi. Pyotr Yegorovich Patrushev keyinchalik ajoyib jurnalist va zo‘r tarjimon bo‘lib yetishdi, “Otib o‘ldirishga hukm qilingan” biografik kitobini yozadi.
Pyotr 2016 yil 28 mart kuni Avstraliyada 73 yoshida vafot etdi. Umrining so‘nggi yillarini u Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida rafiqasi va o‘g‘li bilan o‘tkazdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.