Qora tanlilar huquqlari himoyachilari Nyu-Yorkda politsiyaga qarshi chiqdi
Amerikalik qora tanlilarning huquqlarini himoya qiluvchi Black Lives Matter ("Qoralar hayoti muhim") harakati tarafdorlari Nyu-Yorkda politsiyasiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Bu haqda RIA Novosti ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, politsiya namoyishchilarga nisbatan shafqatsizlarcha harakat qilib, ularni hibsga olgan. Xususan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tenglik uchun kurashchilarni Yunion-skver maydonidagi yo‘l harakatidan chetga chiqarib yuborishga muvaffaq bo‘lishdi. Aksiyada 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan, g‘olib nomi hali aniqlanmagan prezidentlik saylovlaridan norozi bo‘lganlar ham ishtirok etishayotgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Nyu-Yorkda amerikaliklar prezidentlik saylovlaridan so‘ng "har bir ovozni sanab chiqing", degan talab bilan ommaviy ravishda ko‘chalarga chiqqani haqida xabar berilgan edi.
AQShda mamlakat prezidentligiga nomzodlarga berilgan ovozlarni hisoblash davom etmoqda. Amaldagi davlat rahbari, respublikachi Donald Tramp va demokrat Jo Bayden yuqori lavozim uchun kurashmoqda.
Hozirga qadar CNN telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden 253, Tramp esa 213 ovozga ega. Prezidentlik saylovlarining yakuniy natijalari hali aniqlanmaganiga qaramay, Tramp saylovchilarini g‘alaba bilan tabrikladi. Baydenning shtab-kvartirasi ham bir necha bor g‘alabaga ishonch bildirdi.
Bir necha oy davomida AQShda irqiy adolatsizlikka qarshi muntazam norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu noroziliklar may oyida hibsga olingan qora tanli soqchi Jorj Floyd o‘limidan keyin boshlandi.