Qo‘shni viloyatlarda nima gap?: Ko‘hna va boqiy Buxoro

Buxoro haqida gap ketganda, avvalo, qadimdan ilm-ma’rifat rivojlangan, buyuk allomalarga beshik bo‘lgan zamin ko‘z oldimizga keladi. O‘rta asrlardayoq taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga chiqqan bu zamin allomalarining ilmi bilan yaratilgan asarlari bugun ham butun dunyo olimlarining asosiy qo‘llanmasi sifatida ardoqlanadi. Qurgan binolarini ko‘rish uchun sayyoramizning turli nuqtalaridan kelgan sayyohlarning hayratini oshiradi. Viloyatga ikki kunlik safarimiz davomida bu zaminga “Qubbat-ul islom”, “Buxoroyi sharif”, “Islom poytaxti” kabi ta’riflar bejiz berilmaganiga amin bo‘ldik.

Rasman 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan Buxoro hududi jihatidan O‘zbekistonning Navoiy viloyatidan keyingi ikkinchi eng yirik viloyat hisoblanadi. Viloyat hududi asosan Qizilqum cho‘lida joylashgan, janubi-sharqini Zarafshon vodiysi egallagan. Shimoli-g‘arbda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shimol va sharqdan Navoiy viloyati, janubi-sharqda Qashqadaryo viloyati, janubi-g‘arbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 39,4 ming kilometr kvadrat bo‘lgan viloyat aholisi qariyb 2 million kishini tashkil etadi. Buxoro viloyati Buxoro, Vobkent, Jondor, Kogon, Olot, Peshku, Romitan, Shofirkon, Qorovulbozor, Qorako‘l, G‘ijduvon tumanlari, (Buxoro, Galaosiyo, Vobkent, Gazli, Kogon, Olot, Romitan, Shofirkon, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon shaharchalari), 540 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan iborat. Buxoroda 30 ga yaqin millat vakillari yashaydi 11 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritadi.

YaHM hajmi aholi jon boshiga nisbatan 19,7 million so‘m

Viloyatda Buxoro, G‘ijduvon, Qorako‘l, Vobkent shaharlaridagi korxonalar Germaniya texnologiyasi asosida jihozlangan, “Buxoroteks” aksiyadorlik jamiyatining filiallari G‘ijduvon, Vobkent, Qorako‘l va Olot tumanlarida tashkil etilgan. Buxoro pillachilik fabrikasi va uning filiallarida xomashyo qayta ishlanadi. Viloyatda trikotaj kiyimlar fabrikasi, tikuvchilik fabrikasi, Buxoro va G‘ijduvon poyabzal korxonasi, Shofirkonda Turkiya bilan hamkorlikda “Vardanzi” tikuvchilik qo‘shma korxonasi, “Qorako‘l” aksiyadorlik jamiyati qoshida Gretsiya bilan hamkorlikda “Omega-Sitora” qo‘shma korxonasi ishga tushirilgan. Mahalliy sanoat korxonalaridan “Zardo‘z” aksiyadorlik jamiyati, G‘ijduvon kulolchilik sexi, G‘ijduvon va Shofirkonda gilam to‘qish fabrikalari, Kogon paxta titish fabrikasi, Romitan to‘qimachilik fabrikasi, tikuvchilik, badiiy kashtachilik, misgarlik, zargarlik, kosibchilik va boshqa korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Buxoro uysozlik kombinati, Kogon ohak zavodi, Quyimozor va Kogon yig‘ma temirbeton buyumlari zavodi, Italiya bilan hamkorlikda qurilgan koshinlar ishlab chiqariladigan “Minokor” zavodi, Buxoro temirbeton zavodi, gazavtomatika ishlab chiqarish birlashmasida qurilish materiallari tayyorlanadi.

Viloyatda 2021 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 38,7 trillion so‘mni, aholi jon boshiga 19,7 million so‘mni, 2022 yilning I choragida esa yalpi hududiy mahsulot hajmi 7 trillion so‘mni, aholi jon boshiga 3,5 million so‘mni tashkil etgan.

2021 yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti 106,2 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 100,1 foizni, xizmat ko‘rsatish 119,4 foizni, chakana savdo 107,6 foizni, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 103,7 foizni, pudrat ishlari 111,4 foizni tashkil qilib, barcha yo‘nalishlarda o‘sish ta’minlandi, - deydi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nozimjon Xolmurodov. - 2021 yilda investitsiya dasturlari doirasida viloyatda umumiy qiymati 6,2 trillion so‘mlik 1381 ta hududiy hamda 186,5 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobiga 18 ta yirik loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirildi. Ishga tushirilgan loyihalar hisobiga viloyatda 10 ming 708 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Birgina Buxoro tumanidagi “Aksa Enerji Bukhara” MChJ xorijiy korxonasi negizida 140 million dollarga teng bo‘lgan, quvvati 270 MVtlik gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi hisobiga 100 ta ish o‘rni yaratildi va 500 ga yaqin ishlab chiqarish korxonasi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlandi. Faqat bu emas, viloyatda sanoat tarmoqlarini yanada rivojlantirish uchun yetarli salohiyat va imkoniyat mavjud. 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, viloyatda sanoat korxonalari va tashkilotlari soni 4874 tani tashkil etadi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 111,3 foizga oshdi. Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda viloyatda 2,9 trillion so‘mlik 213 ta loyiha ishga tushirilib, 3631 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Xususan, joriy yilda G‘ijduvon tumanida «Xo‘jai Jahon Fayz baraka» MChJ tomonidan qiymati 462,8 milliard so‘mlik, yiliga 10 ming metr temir profil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan loyiha ishga tushiriladi. Yana joriy yil viloyatda qiymati 2 trillion 804 milliard so‘m bo‘lgan 189 ta sanoat loyihasini ishga tushirish orqali 7794 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,8 trillion so‘mga yetkaziladi.

Viloyatda import o‘rnini bosuvchi 200 turdan ortiq mahsulotlarni ishlab chiqarish mahalliylashtirilgan, 20 turdan ortig‘i xorijiy davlatlarga eksport qilinadi. Jumladan, to‘qimachilik va tekstil, qurilish materiallari, kimyo va neftkimyo, mashinasozlik va metalni qayta ishlash, farmatsevtika, oziq-ovqat, charm-poyabzal, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi ozuqalari yetishtirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilgan.

 Viloyat sanoat ishlab chiqarilishini rivojlantirish maqsadida mavjud
28 ta kichik sanoat zonasidagi 42,1 gektar maydonda joylashtirilgan 165 ta loyihadan 88 tasi ishga tushirildi. Ushbu maxsus zonalarda 80,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilib, 688 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hududiy dastur doirasida 2021 yilda 1752,4 milliard so‘mlik 385 ta sanoat loyihalari ishga tushirildi va 4164 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Yil yakunigacha 270 million dollarlik eksport

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2022 yil yakuniga qadar 270 million dollarlik mahsulotni eksportga chiqarish rejalashtirilgan. Xususan, yil yakuni bilan 157,3 million dollarlik to‘qimachilik, 35,8 million dollarlik meva-sabzavot, 3,6 million dollarlik charm, 12,9 million dollarlik ipak, 8,3 million dollarlik qurilish materiallari va 53,68 million dollarlik boshqa sanoat mahsulotlari eksport qilinadi.

Eksport faoliyatiga 45 dan ortiq yangi korxona jalb etilib, 10 dan ortiq yangi davlatlarning (Malayziya, Singapur, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, BAA, Saudiya Arabistoni) bozorlariga mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilmoqda. Joriy yilning 1-choragida viloyat bo‘yicha jami eksport hajmi 53,2 million dollarni tashkil etgan.

Eksport hajmlarining o‘sishi viloyat uchun drayver bo‘lgan sohalar - to‘qimachilik (27,2 million dollar), meva-sabzavot (7,3 million dollar), ipak mahsulotlari (1,6 million dollar), qurilish materiallari (1,6 million dollar) hududiy sanoat korxonalari (15,5 million dollar) hisobiga ta’minlangan.

– Viloyatimizda joriy yilning birinchi choragi yakuni bilan 62981 ta tadbirkorlik sub’yekti ro‘yxatga olingan, - deydi viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Feruz Husanov. – Sub’yektlarning 33917 tasi yuridik shaxs va 29064 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir. Yuridik korxonalarining 15140 tasi (45 %) so‘nggi 3 yilda tashkil etilgan. Joriy yilning birinchi choragida 4484 ta yangi sub’yekt ish boshladi. Natijada qo‘shimcha 5121 ta ish o‘rni yaratildi. Joriy yilning birinchi choragida 1136 ta kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektiga 729,7 milliard so‘m kredit ajratildi.

Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasida zamonaviy markazlar hamda savdo, ko‘ngilochar, gastronomik, turizm va san’at yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 13 ta maxsus savdo va ko‘ngilochar maskanlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, G‘ijduvon tumani Obod mahallasida 80 ga yaqin xonadon mebel ishlab chiqarish, Buktaroy mahallasida 40 yaqin xonadon eshik-rom ishlab chiqarish hamda Chagdari mahallasida 70 ga yaqin xonadon ipdan arqon ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5,3 trillion so‘m miqdorida kredit ajratiladi. Shundan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 915 milliard so‘m miqdorida kredit o‘zlashtiriladi.

Qadimda Buxoroda 125 ta minora bo‘lgan. Hozir ularning 84 tasi tiklangan

Buxoroga borgan sayyoh qadimiy obidalar, ulug‘lar mangu qo‘nim topgan manzillarni ziyorat qilmasdan qaytmaydi. Buxoroning eski shahar qismini aylangan sayyoh o‘zini bir lahza o‘tmishga tushib qolgandek his etadi. Eski shahardagi xonadonlar, uy-mehmonxonalar, do‘konlarning ham eshigi doim ochiq. Shaharning tarixiy qismida xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ahamiyatlisi, eski shaharda mashinalarning signal chalganini deyarli eshitmaysiz.

Yoz faslida kunduzgi va kechki Buxoro tamomila bir-biridan farq qiladi. Aytishlaricha, qadimda Buxoroda 7 ta usti yopiq savdo majmuasi bo‘lgan. Aholi tilida bu majmualar “kompl” deb ataladi. Hozir eski shahar xaritasida mavjud bo‘lgan “kompl”larning 3 ta saqlab qolingan. Ya’ni, “Toqi sarrafon” birinchi majmua bo‘lib, kelgan mehmonlar aqchasini shu yerda Buxoro puliga almashtirishgan. “Toqi telpakfurushon” majmuasida hozir ham bosh kiyimlar sotiladi. Bu yerga kelgan sayyoh hozir ham “Toqi zargaron” majmuasidan zargarlik buyumlarini xarid qilishi mumkin.

Viloyatda 2021 yildan bugungi kunga qadar 28 ta yangi mehmonxona (xonalar soni 593 ta, o‘rinlar soni 1273 ta), 29 ta xostel (xonalar soni 251 ta, o‘rinlar soni 872 ta), 45 ta oilaviy mehmon uyi (xonalar soni 189 ta, o‘rinlar soni 445 ta) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jami joylashtirish vositalari soni 431 taga, o‘rinlar soni esa 10 ming 862 taga yetkazilgan.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Samarqand-Buxoro-Samarqand.

(Davomi bor)