Qo‘shrabot 5-toifada, tumanni tadbirkorligi rivojlangan hududlar qatoriga qo‘shish uchun qoraqalpoq tajribasini qo‘llash kerak

Bundan ikki-uch yil ilgari xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasidan so‘ng jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida sobiq hokimga shunday savol berdim:

– Yaqin orada tumanda birorta hayratomuz loyiha amalga oshiriladimi?

Bu kutilmagan savol edi, shuning uchun unga darhol javob aytish qiyin bo‘ldi. Shu bois hokim gapni aylantirib, tumanda uzumzorlar 10 ming gektarga yetkazilishi, xonadonlarda 1 millionta tovuq boqish loyihasi amalga oshirilishini aytib, vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ldi.

Garchi bu raqamlar ancha salmoqli, kimgadir jozibali tuyulsa-da, meni qanoatlantirmadi. Negaki, ikkala loyihaning ham tag zamini anchayin bo‘sh ekanligini ilg‘ab olish qiyin emas. Aytaylik, tumanda 10 ming gektar uzumzor barpo etildi, xo‘sh, uni sug‘orish uchun suv qayerdan olinadi? Hududda oqar suv yo‘q, faqat yerosti suvlaridan foydalanish mumkin, buning uchun esa minglab vertikal tik quduqlarni burg‘ulash, ularni suv nasoslari bilan jihozlash, tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘rnatish talab etiladi. Buning uchun juda katta miqdordagi mablag‘ zarurligi aytilsa, masalaning g‘oyat murakkabligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Boz ustiga, hududda elektr ta’minotining nochorligi, yerosti suv sathi tobora pasayib, zaxiralar tugab borayotgani inobatga olinsa, katta ehtimol bilan yuqoridagi loyihaning kelajagi shubha ostida qoladi.

Shuningdek, xonadon parrandachiligi loyihasi ham, mana, ikki yildirki, aytarli rivojlanmay, depsinib turibdi. Axir, bir tovuqqa ham don kerak, ham suv kerak, deydilar. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 million parrandani boqish uchun yiliga 45-50 ming tonna don zarur. Tumanning imkoniyati esa yiliga 4-5 ming tonnadan oshmaydi. Xo‘sh, ozuqa bazasini to‘ldirish uchun qolgan 40–45 ming tonna don qayerdan olinadi? Bu haqda negadir hech kim bosh qotirmaydi. Shu bois bir qarashda jozibali ko‘ringan loyihaning taqdiri boshi berk ko‘chada turibdi.

Afsuski, Qo‘shrabot tumanida boshqa sohalarda ham ana shunday “chalajon” loyihalar, yillar davomida ro‘yobga chiqmayotgan rejalar oz emas. Bularning bari sharoitning og‘irligi, tadbirkorlik muhitining nochorligi, ishbilarmonlar uchun turli-tuman to‘siqlar mavjudligi bilan izohlanadi. Masalan, “Boyto‘p” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Boyto‘p qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Raup Rahmatov dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga xizmat ko‘rsatuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat tuzib, bankdan imtiyozli kredit olmoqchi bo‘ldi. Biroq mas’ullarning sansalorligi, mantiqsiz to‘siqlar va talablari tufayli bahorda boshlagan sa’y-harakat yil oxirida ham ro‘yobga chiqmay qolib ketdi. Imtiyozli tugul, yuqori foizli kredit ham ololmadi. Butun yilni “yugur-yugur”lar bilan besamar o‘tkazgan tadbirkor endilikda kimdandir bir og‘iz iliq so‘z, bir chimdim qo‘llab-quvvatlash ilinjida yashayapti.

Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida bundan buyon hududlarni bir maromda iqtisodiy rivojlantirish uchun yangicha yondashuvlar joriy etilishi aytilgan. Shuningdek, Prezidentning “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Mazkur hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan respublikaning 208 ta tuman va shaharlari 5 toifaga ajratildi. Endi ana shu toifadan kelib chiqqan holda tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar, kreditlar beriladi. 2026 yil 1 yanvarga qadar soliq solishning tabaqalashtirilgan tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyatimizda sharoiti og‘ir hisoblangan Qo‘shrabot tumani 5-toifaga kiritildi. Shu munosabat bilan qo‘shrabotlik tadbirkorlar uchun uch yil mobaynida aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz miqdorida belgilandi. Tadbirkorlar yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini to‘laydilar. Yakka tadbirkorlar esa qat’iy belgilangan soliqlarni to‘lashdan butunlay ozod etildi. Yangi yilning ilk kunlarida ota-onalar uchun ham xushxabar tarqaldi: davlat bog‘chalarida to‘lovlar 50 foizga qisqardi. O‘ylaymizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan bu imtiyozlar uzoqdan xorib-charchab kelayotgan, amal-taqal kun ko‘rayotgan tadbirkorlarimizga nafasni rostlash, qaddini tiklab olish uchun imkoniyat yaratdi.

Shu bilan Qo‘shrabot gullab-yashnab ketadimi, tadbirkorlik keng rivojlangan hududlar qatoridan joy oladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga javobning qanday bo‘lishi tuman ahlining g‘ayrat-shijoati, tashabbuskorligi va ishbilarmonligiga bog‘liq. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

Bizda bitta yomon odat bor: biror ishni boshlashdan oldin boshni uzoq qashlaymiz. Oqibatda dasturlarni ishlab chiqish yarim yilgacha cho‘zilib ketadi, qolgan yarim yilda esa uni bajara olmay halak bo‘lamiz. Oqibatda dasturiy ishlarimiz o‘lda-jo‘lda qolib ketadi. Bu gal shuni ham hisobga olish foydadan xoli emas.

Shu o‘rinda viloyat hokimligiga aytadigan takliflarim bor. Qo‘shrabot tumanini tadbirkorligi rivojlangan hududlar qatoriga chiqarish uchun qoraqalpoq tajribasini yo‘lga qo‘yish lozim. Bilasiz, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istondagi tuman va shaharlar viloyatlarga biriktirildi va ularning ko‘magida qoraqalpoq qardoshlarimizning ko‘pgina muammolari hal bo‘ldi. Xuddi shunga o‘xshash tarzda Qo‘shrabotga viloyatimizning tadbirkorlik rivoj topgan hududlari birkitilsa, tumanga investitsiyalarning kirib kelishi, ilg‘or tajribalarning keng yoyilishi kuchayardi va bu tadbirkorlikka rahbat bo‘lardi. Shuningdek, Qo‘shrabot tumani aholisi ilm-fanga juda tashna el. Bu yurtdan ko‘plab nomdor olimlar, ziyolilar yetishib chiqqan. Shu bois bu yerda Samarqand davlat universiteti filiali ochilsa, yurt taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shar edi.

Norbobo Shakarov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.