Qo‘shrabot tuman XTB 121 million so‘mdan ko‘proq to‘lashiga to‘g‘ri keladi

Chunki tuman maktablaridagi ayrim toifa xizmatchilarga belgilangan tariflar bo‘yicha ish haqi to‘lanmagan ekan. Bu masala Qo‘shrabot tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman xalq ta’limi bo‘limida sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi o‘rganilganda aniqlangan.

Ya’ni, tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 2019, 2020 va 2021 yillar davomida maktablardagi kadrlar inspektori va xo‘jalik ishlar mudirlariga ularning yagona tarif razryadlari oshirilmagan holda ish haqlari to‘langan.

Vazirlar Mahkamasining «Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, xo‘jalik ishlar mudiriga 7 razryad, oliy ma’lumotli bo‘lmagan kadrlar inspektoriga 6 razryad va oliy bo‘lganlariga 7 razryad bilan to‘lovlar amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bois, adliya bo‘limi tomonidan to‘lanmay qolgan ish haqlarini undirish bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud arizani qanoatlantirib, tuman xalq ta’limi bo‘limi zimmasiga 35 nafar xodimga 121 million 564 ming 897 so‘m ish haqlarini to‘lab berish majburiyatini yukladi.

Nurjahon Murodullayev,
Qo‘shrabot tuman adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.