Qo‘shrabot yil oxirigacha sharoiti og‘ir hudud toifasidan chiqadi(mi?)
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida respublikamizdagi tuman va shaharlar besh toifaga - tadbirkorlik uchun har tomonlama rivojlangan, infratuzilmasi yaxshi bo‘lgan, sharoiti nisbatan qoniqarli bo‘lgan, jozibadorligi yetarli bo‘lmagan, sharoiti og‘ir bo‘lgan hududlarga ajratildi.
Qo‘shrabot tumani beshinchi toifadan o‘rin olgan bo‘lib, Murojaatnomada mazkur toifaga kiruvchi, sharoiti eng og‘ir bo‘lgan tuman uchun aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz miqdorida belgilanishi, tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini to‘lashi, yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy stavkadagi soliqlarni to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilgandi.
Tumanda bu borada qanday islohotlar, bunyodkorlik ishlari, yangilik va o‘zgarishlar amalga oshirildi? Qo‘shrabot tumani hokimligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun shu mavzuga bag‘ishlangan press-turda bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
Parrandachilik korxonasi Markaziy Osiyoda yetakchi
Tumanning Xonnazar mahallasidagi 40 milliard so‘mlik “Qo‘shrabot lomann parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Germaniya texnologiyasi asosida naslli parrandachilikni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilib, lomann zotli parrandalar parvarish qilib kelinmoqda. Korxona yiliga 10 million dona naslli jo‘ja yetishtirishga mo‘ljallangan bo‘lib, yillik eksport quvvati 1 million dollar va byudjetga 500 million so‘m qo‘shimcha foyda tushirilmoqda.
- Korxonamiz o‘tgan yilning iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, naslli parranda yetishtirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda turadi, - deydi “Qo‘shrabot lomann parranda” MChJ ijrochi direktori Jahongir Habiyev. – Bu yerda 80 nafar ishchi tomonidan har oyda 700 mingta naslli jo‘ja yetishtirilib, sotilmoqda. Korxonaning ishga tushirilishi tumanda naslli parrandachilik rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Mahalliy aholi va korxona o‘rtasida parrandachilik kooperatsiyasi yo‘lga qo‘yilib, 120 kunlik naslli tovuqni kredit asosida aholiga yetkazib berib, tuxumni korxonaning o‘zi sotib olish yo‘lga qo‘yildi.
Hozirgi kunda 100 ta xonadonga 15 mingta tovuq tarqatildi va har kuni 14 ming 700 ta tuxum yetishtirib, bozorga va ushbu korxonaga sotilmoqda. Yil yakuniga qadar 1000 ta xonadonga 150 ming bosh tovuqni tarqatish orqali 600 nafargacha aholining doimiy daromad olish ta’minlanadi. Natijada tumanda qo‘shimcha yiliga 27 million dona tuxum yetishtirish ko‘payadi va Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Oqdaryo tumanlarini ham tuxum bilan ta’minlash imkoniyati tashkil etiladi.
Tumanning Tinchlik mahallasida yashovchi Xolyor Usmonovning turmush o‘rtog‘i “Ayollar daftari”da, o‘g‘li esa “Yoshlar daftari”da turar edi. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida “Har bir oila tadbirkor” dasturi bo‘yicha imtiyozli kredit asosida “Qo‘shrabot lomann parranda” MChJ korxonasidan 640 bosh tovuq olib berilgan.
- O‘tgan yili kredit asosida inkubator olib, xonaki tovuqlar ochirishni boshlagan edik, - deydi X.Usmonov. – Ishlarimiz yurishib, zotli parrandalar ochirish va tuyaqush boqishni ham yo‘lga qo‘ydik. Tuyaqushlarning har biri 70-80 kilogrammdan go‘sht qilyapti va kilosini 100 ming so‘mdan sotyapmiz, jo‘ja va tuxumlarni mahalla aholisi olyapti. Hozirgi vaqtda uyimizda 10 mingdan ortiq jo‘ja, 1000 bosh zotli tovuq va 10 bosh tuyaqush boqilmoqda. Ularga qarash uchun 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Qo‘shrabot yil oxirigacha sharoiti og‘ir hudud toifasidan chiqadi
Bu haqda tumanga uyushtirilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va tuman hokimining o‘rinbosarlari ishtirokida Qo‘shrabot tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, hududdagi yangilik va o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Keyingi yillarda Qo‘shrabot tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,6 marta, investitsiyalar hajmi 3,9 marta, qurilish ishlari hajmi 2,2 marta, xizmatlar hajmi 2,9 marta o‘sdi va eksport hajmi 3 million dollardan 3,2 milllion dollarga yetdi, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Ibodulla Sayfiddinov. - Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 641,7 milliard so‘mlik 557 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 1625 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilib, 1265 ta oila kambag‘allikdan chiqarildi. O‘rtacha ish haqi ham qariyb 1,8 barobarga oshib, 2 milllion so‘mga yetdi. Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 5 baravarga o‘sdi, xorijiy sarmoyalar miqdori yiliga 10 million dollardan oshdi, 6 ta yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ayniqsa, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 2 baravarga oshdi, 77 ta qishloq aholi punktida jami 55 ta ichimlik suv inshooti, 883,8 kilometr (shundan 426,3 km abonentlar tarmoqlari) ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi va 101 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Yil oxirigacha tumanning sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 6,77 milliard so‘mlik 68 ta loyiha amalga oshirilib, 1026 ta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, Hindiston, Xitoy, Turkiya va Qozog‘iston davlatlari bilan hamkorlikda 15 ta korxona tashkil etilib, 8,5 million dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hamda 350 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasiga ko‘ra, yil so‘ngiga qadar Qo‘shrabot sharoiti og‘ir hudud, ya’ni beshinchi toifadan chiqariladi.
***
Press-tur davomida ishtirokchilar tumandagi yoshlar markazi binosida joylashgan IT markazi va butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni “Javohir Sindorov” shaxmat klubi faoliyati bilan ham tanishdi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.