"Ekobozor", ko‘prik, oilaviy shifokorlik punkti, bog‘cha... Qo‘shrabotda 10 ga yaqin ob’yekt ishga tushdi
Yangi yil bayrami kunlari Do‘stlik mahallasida loyiha qiymati 1 milliard 164 million so‘m bo‘lgan ko‘prik foydalanishga topshirildi. Bu bilan ko‘p yillardan beri, ayniqsa, yog‘in-sochinli, soydan sel kelgan vaqtlarda Xonnazar, Qo‘rg‘on, Do‘stlik mahallalari aholisini qiynab kelayotgan muammoga barham berildi.
Mirishkor mahallasida 1 milliard 600 million so‘m evaziga bunyod etilgan oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirilishi tuman markazidan 50-55 kilometr uzoqlikda yashovchi aholining uzog‘ini yaqin qildi.
2004 yilda qurilib, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan tuman sport maktabi “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Quvkalla mahallasida esa davlat dasturi asosida 120 o‘rinli 17-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi qurilib, ishga tushirildi.
Bozorjoy mahallasida yashovchi boquvchisini yo‘qotgan, 2 farzandi bilan og‘ir sharoitda kun kechirayotgan D.Barotovaga homiylik asosida 2 xonali uy sovg‘a qilindi.
Zarkent shaharchasida tadbirkor Odil Turdibekov tashabbusi bilan “Ekobozor” ishga tushdi. Buning uchun tadbirkor hisobidan 700 million so‘m va bank krediti hisobidan 1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Shu kabi zamonaviy bino va inshootlarning foydalanishga topshirilishi qo‘shrabotliklar uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.
Shavkat Ziyodinov.