Qo‘shrabotda bepul g‘oz tarqatilyapti. Nega?

Qo‘shrabot tumanida aholisining yashash sharoiti og‘ir ahvoldagi mahallalardan 3 tasi tanlab olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilyapti.

Jumladan, tumandagi Chorloq mahallasidagi ishsizlarga qo‘y-qo‘zilar, Ozod mahallasidagi sharoiti og‘ir fuqarolarga inkubatorlar imtiyozli kredit asosida tarqatildi.

Do‘stlik mahallasidagi ishsizlarga esa tadbirkor Jasur Qodirov tomonidan 2 mingga yaqin parranda, ya’ni g‘oz, kurka va o‘rdaklar bepul tarqatildi.

Yana bir ahamiyatli tomoni, g‘ozlarning ozuqasini ham tadbirkorning o‘zi bepul yetkazib beradi.

Shu mahalladagi Qo‘shog‘och qishlog‘ida yashovchi Akmal Xolboyevni ancha yillardan beri ishsizlik muammosi qiynab kelardi. Bugun u ham bepul g‘ozlardan 25 tasini olib parvarishlay boshladi.

Shuningdek, u imtiyozli kredit asosida inkubator ham olgan. G‘ozlarning tuxumlaridan jo‘ja ochirish niyatida.

Bu xayrli ishning samarasi bir yildan keyin sezilishi mumkin.

Ha, buni vaqt ko‘rsatadi. Nasib etsa natija haqida ham xabar beramiz.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.