"Qotil Kuba orqali SSSRga viza olishni rejalashtirgan": AQSh hukumati Kennedining o‘ldirilishiga oid yuzlab maxfiy hujjatlarni oshkor qildi
AQSh Milliy arxivlar va yozuvlar boshqarmasi mamlakatning 35-prezidenti Jon Kennedining 1963 yilda o‘ldirilishiga oid ilgari maxfiy bo‘lgan hujjatni chop etdi.
CBS News xabariga ko‘ra, maxfiylikdan mahrum qilingan arxivda Markaziy razvedka boshqarmasi, Federal qidiruv byurosi, Davlat departamenti va AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan tayyorlangan “minglab” tergov eslatmalari, xat va telegrammalar mavjud.
1964 yilda qotillikni tergov qilish bo‘yicha maxsus tuzilgan komissiya Kennedini 24 yoshli Li Xarvi Osvald "yolg‘iz, hech qanday maslahat va yordamsiz" o‘ldirgan degan xulosaga kelgan. Ikki kun o‘tib Osvald politsiyachilar hamrohligida politsiya binosidan chiqayotganda tungi klub egasi Jek Rubi tomonidan otib o‘ldirilgan. Shu sababli u sudlanmagan. Osvald birmuncha vaqt SSSRda yashagan.
Kennedi o‘ldirilishi bilan bog‘liq ko‘plab fitna nazariyalari mavjud. Yuqoridagi telekanalning ta’kidlashicha, masalan, hujjatlarda ilgari ma’lum bo‘lgan, lekin shu paytgacha to‘liq tushuntirilmagan Osvaldning Mexikodagi Sovet va Kuba elchixonalariga tashriflari, shuningdek, Kennedi o‘ldirilishida Kubaning ehtimoliy ishtiroki muhokama qilinadi.
Markaziy razvedka boshqarmasi telegrammalaridan birida Mexiko shahrida bo‘lgan Osvald SSSRga viza olish uchun Sovet elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilgani tasvirlangan. Shuningdek, u Kuba elchixonasiga tashrif buyurgan va u yerda Sovet vizasini kutish maqsadida Kubadan viza so‘rab murojaat qilgan.
Kennedi o‘ldirilishidan keyingi kunga tegishli yana bir qaydnomada Osvald o‘sha yilning sentabrida Sovet elchixonasida bo‘lganida Mexikodagi KGB zobiti bilan «ushlab qolingan» telefon suhbatiga e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, yangi hujjatlarda AQShdagi Santo Traffikante-kichik va Sem Jankana kabi yirik mafiyalarning FBR kuzatuvi haqidagi bir nechta hisobotlar mavjud. CBS News ta’kidlaganidek, ularning ismlari Kennedi o‘ldirilishi fitna nazariyalarida tez-tez uchraydi.
Telekanal 15 dekabr kuni maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarda yangi ma’lumotlar kam bo‘lganiga etibor qaratadi va shu yilning kuzida AQSh prezidenti bir qator federal agentliklarning so‘rovini qanoatlantirgan holda, 14 mingta maxfiy hujjatni chop etishni 2022 yil 15 dekabrga qoldirganini eslatadi.
Bayden farmonida aytilishicha, kechiktirish "mudofaa, razvedka operatsiyalari, huquqni muhofaza qilish organlari yoki xalqaro munosabatlarga zarardan himoya qilish uchun zarur".
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan chorshanba kuni e’lon qilingan hujjatlarning aksariyati avval maxfiyligi bekor qilingan hujjatlarni takrorlaydi, bir nechta tahrir qilingan so‘z yoki razvedka xodimlarining ismlari bundan mustasno.
Kennedi o‘ldirilishi bo‘yicha yetakchi tergovchi, Virjiniya universitetining siyosiy professori Larri Sabato telekanalga bergan intervyusida hujjatlardagi o‘zgarishlarni “minimal va foydasiz” deb atadi. Shu bilan birga, u maxfiylikdan chiqarilgan arxivda yangi dalillar bor-yo‘qligini hujjatlarni chuqur o‘rganib chiqqandan keyingina ishonch bilan aytish mumkinligi, bunga bir necha kun vaqt ketishini tan oldi.
Kennedi o‘ldirilishi
Jon Fitsdjerald Kennedi - AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi 1963 yil 22 noyabrda saylovoldi safari chog‘ida, Dallas shahridagi markaziy ko‘chadan ochiq limuzinda soat 12:30 da o‘tayotganda snayper qurolidan hayot uchun havfli jarohat oldi. Prezident zudlik bilan «Parklend» kasalxonasiga yetkazilgan. U yerda muvaffaqiyatsiz reanimatsiya urinishlaridan so‘ng u mahalliy vaqt bilan soat 13:00da vafot etgan. Kongress tomonidan tuzilgan Uorren komissiyasi sobiq dengiz harbiyi Li Xarvi Osvald Kennedi qotili ekanligini aniqladi.
Li Xarvi Osvald - AQSh prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishida gumon qilinayotgan yagona rasmiy shaxs hisoblanadi. AQSh qonunlariga ko‘ra, marhumni sudlab bo‘lmaydi, biroq Uorren komissiyasi uni qotil deb tan oldi.
Sovet Ittifoqida qisqa vaqt yashagan sobiq AQSh dengiz piyoda askari Osvald dastlab Kennedi otib tashlanganidan taxminan 40 daqiqa o‘tib politsiyachini o‘ldirgani uchun hibsga olingan. Kennediga suiqasdda gumon qilingan Osvald ikkala jinoyatga aloqadorligini rad etdi.
Uorren komissiyasining (1964) xulosalariga ko‘ra, Osvald 1963 yil 22 noyabrda Dallasdagi kitob omborining oltinchi qavatidan prezident mashinasiga 5-6 soniyada uchta o‘q uzishi natijasida prezident Kennedi halok bo‘lgan, Texas gubernatori Konnalli og‘ir yaralandi va yo‘lovchilardan biri yengil jarohat oldi, biroz vaqtdan so‘ng mahalliy politsiyachini o‘ldirgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, u “yakka o‘zi va hech kimning maslahat va yordamisiz harakat qilgan”.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.