Qo‘ziqorinning foydasi katta ammo me’yordan ortig‘i zarar

Yomg‘irlar mavsumi boshlandi. Ko‘m-ko‘k maysalar bilan birga qo‘ziqorinlar ham yerdan bosh ko‘tarib ko‘zimizni quvontirmoqda. Bu paytda tabiat shaydolari qir-adirlarga otlanib, dam olishni yoqtiradi. Yo‘l yoqalarida, daraxtlar tagida yomg‘irdan so‘ng potirlab chiqqan qo‘ziqorinlarni terishadi va foydali yoki zararli ekanligiga ham qaramay iste’mol qilishadi.

Yurtimizda qo‘ziqorinlarning 200 dan ortiq turi o‘sadi, ammo ulardan faqat 25 turigina iste’molga yaroqlidir. Ayniqsa, rangsiz qurbaqasalla (poganka), zelenushka, muxomor, qo‘ng‘iroqdor va jigarrang lipeta, mog‘or zamburug‘i, chirindilar va go‘ng uyumlarida uchraydigan go‘ngsiyoh zamburug‘larni yeb bo‘lmaydi.

Yangi terilgan qo‘ziqorinlardan tayyorlangan tuzlamalardan ham zaharlanish holatlari tez-tez uchrab turadi. Uni yegandan so‘ng 2-10 soat o‘tgach, qorinda og‘riq, ich ketish, qayt qilish kuzatiladi. Bemorning rangi sarg‘ayib, jigar va talog‘i kattalashadi. Ular tarkibidagi gelvel kislota, girometrin kabi zaharli moddalar jigar, buyrak, yurak, taloq va markaziy asab tizimini ishdan chiqaradi.

Joriy yilning o‘tgan 2 oyida viloyatimizda aholi o‘rtasida 3 ta ovqatdan zaharlanish holati aniqlandi. Zaharlangan 11 nafar fuqarodan 2 nafari vafot etgan.

Viloyat DSENM mutaxassislari aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish va yovvoyi qo‘ziqorinlarni iste’mol qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi yuzasidan targ‘ibot ishlari olib bormoqda. Dehqon bozorlari va ko‘chalarda sotilayotgan qo‘ziqorinlarni iste’moldan olib tashlash borasida kuchaytirilgan tadbirlarda ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda viloyatimizda ko‘pchilik tadbirkorlar issiqxonalarda qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Ularga ham mahsulotni sifatli va xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda yetishtirish lozimligi uqtirilmoqda.

A.AHROROV,

viloyat DSENM ovqatlanish

gigiyenasi bo‘linmasi mudiri.