Qozog‘iston MDHning Davlatlararo valyuta qo‘mitasi to‘g‘risidagi bitimidan chiqadi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning farmoniga ko‘ra, Qozog‘iston 1995 yilda imzolangan «MDH Davlatlararo valyuta qo‘mitasi to‘g‘risida»gi bitimdan chiqadi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda.
«1995 yil 26 maydagi Davlatlararo valyuta qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi 2013 yil 25 oktyabrda Minsk shahrida tuzilgan bitimning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi protokol tasdiqlansin”, deyiladi kuchga kirgan farmonda.
Ta’kidlanishicha, qo‘mita valyuta to‘lov-kredit munosabatlari sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish, ko‘p tomonlama hisob-kitob-kredit munosabatlariga ta’sir etuvchi valyuta qonunchiligini takomillashtirish, pul va kredit munosabatlarini muvofiqlashtirish shakl va usullarini ishlab chiqish, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar to‘lov ittifoqini tuzish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilgan davlatlar valyuta siyosati, valyuta nazorati masalalarida hamkorlik qilish va kelishilgan harakatlarni amalga oshirish maqsadida tuzilgan.
Avvalroq Rossiya Federatsiyasi Qozog‘istondan Yevropaga neft tranzitini to‘xtatgani haqida xabar berilgandi. Qozog‘iston neftni Rossiyani chetlab o‘tib Yevropaga tashish niyatidaligini ma’lum qildi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning Yevropaga neft yetkazib berish hajmini oshirish haqidagi va’dasidan keyin Qozog‘iston neft sanoatida muammolar boshlandi. Xususan, "Tengiz" neft-gaz konida quvur portlab, ikki ishchi halok bo‘ldi, yana uch nafari jarohat oldi.