Qozog‘istonda 200 nafardan ortiq tibbiy xodim koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldi
Koronavirus infeksiyasi mamlakatga kirib kelganidan buyon Qozog‘istonning 200 dan ortiq tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishdi. Mazkur ko‘rsatkich mamlakatdagi umumiy kasallanganlarning 20.5 foizini tashkil etadi. Bu haqda respublika Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi rahbari Lyudmila Byurabekova ma’lum qildi.
Qozog‘istonda 979 nafar kasallanish holati qayd etilgan, kasallanganlarning 12 nafari vafot etgan.
“Tibbiy xodimlar orasida 211 nafar infeksiya yuqtirish holati qayd etilgan. Bu umumiy kasallanganlarning 20.5 foiziga to‘g‘ri keladi”, dedi Byurabekova o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlar respublikaning 13 ta hududidagi tibbiyot tashkilotlarida qayd etilgan. Ammo eng yuqori ko‘rsatkichlar Nur-Sulton, Olma-Ota, Shimoliy Qozog‘iston hududi va Atirau viloyatlarida qayd etilgan.
Shu bilan birga Byurabekova tibbiy xodimlar o‘rtasida COVID-19 infeksiyasi borasida hushyorlik kamligini, ularning yetarli darajada tibbiy himoyalanish vositalari bilan ta’minlanmaganligini ta’kidladi. Shuningdek, ular faoliyat olib borayotgan kasalxonalarning texnik holati talabga javob bermaydi.