Qozog‘istonda koronavirus xavfi tufayli bir nechta vazir o‘zini alohidaladi
- 17.06.2020 08:58
- 48
- COVID-19
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanovda koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so‘ng mamlakatning Ekologiya, geologiya va tabiiy zaxiralar vaziri Magzum Mirzagaliyev o‘zini alohidaladi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
Shu bilan birga, 12 iyun kuni Qozog‘iston Bosh vaziri Askar Mamin Jambil viloyatiga qilgan xizmat safari vaqtida unga Sog‘liqni saqlash vaziri hamrohlik qilganligi sababli hukumat rahbari ham o‘zini alohidalashiga to‘g‘ri keldi.
Bundan tashqari, o‘sha xizmat safarida bo‘lgan Ta’lim va fan vaziri Asxat Aymagambetov, Qishloq xo‘jaligi vaziri Saparxan Omarov va Jambil viloyati rahbari Berdibek Saparbayevlar ham o‘zlarini alohidalagan.
16 iyun holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda 15192 nafar koronavirus holati qayd etilgan. Bemorlarning 9,3 ming nafari tuzalgan bo‘lib, koronavirus oqibatida 81 nafar o‘lim holati qayd etilgan.