Qozog‘istonda maktab o‘quvchisi tengdoshlarini pichoq va bolta bilan yaraladi, u psixiatr nazoratida ekani aniqlandi

Petropavlovsk (Shimoliy Qozog‘iston viloyati ma’muriy markazi) shahridagi 4-sonli o‘rta maktabning 9-sinf o‘quvchisi darsga kelib, uch nafar o‘quvchini bolta va pichoq bilan yaraladi, deb xabar qildi shahar ma’muriyati matbuot xizmati.

Barcha jabrlanganlar viloyat bolalar shifoxonasiga yotqizilgan, ular hushida, deb xabar berdi viloyat prokuraturasi.

Hujum qilgan shaxs politsiya tomonidan qo‘lga olingan va “qotillikka urinish” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumni sodir etgan o‘smir psixiatriya nazoratida.

Hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.