Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar YTHga uchradi, bir kishi halok bo‘ldi
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 13 dekabr kuni ertalab soat 9:30 lar atrofida Qarag‘anda viloyatidagi «Qarag‘anda-Balxash» avtomobil yo‘lida, qarama-qarshi to‘qnashuv oqibatida O‘zbekiston fuqarosi I.Y. halok bo‘ldi, A.Y., V.K. va H.A. jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan. Ularning barchasi Qozog‘iston hududiga Rossiyadan kirishgan.
Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytilishicha, ushbu fakt bo‘yicha Qarag‘anda viloyati yo‘l politsiyasi tergov olib bormoqda.
Elchixonaning konsullik bo‘limi vaziyatni nazoratga olgan va Qarag‘anda viloyatining tergov organlari va tibbiy muassasalari bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etgan va Qozog‘istonning Nur-Sulton shahri, Aqmola, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qo‘stanay va Qarag‘anda viloyatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga: +7-717-295-42-52 raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan.