Qozog‘istonda prezidentlik saylovi kunida tayyorlanayotgan tartibsizliklarning oldi olindi

Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) prokuratura ko‘magida aynan shu kuni ommaviy tartibsizliklarni rejalashtirish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi, deb xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

"Maxsus operatsiya natijasida yetti nafar shaxs qo‘lga olindi. Jinoyat kodeksining 179-moddasi 2-qismi (hukumatni egallab olishga chaqiriqlar) va 272-moddasi 1-qismi (tartibsizliklar) bo‘yicha tergov harakatlari olib borildi. Jinoyatchilarning yashash joylarida ashyoviy dalillar topildi”, deyiladi MXQ xabarida.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, “prokuratura sanksiyasi bilan ular ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rish, davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ma’muriy binolariga, hayotiy zarur ob’yektlarga qurol va yonuvchi aralashmalardan foydalangan holda hujum qilish holatlarini hujjatlashtirgan”.

Hibsga olinganlar maxsus boshpana tashkil qilishgan, u yerda jinoyat sodir etish uchun asboblar – turli o‘qotar qurollar va o‘q-dorilar, yonuvchi «kokteyl»lar, benzin kanistrlari, ratsiya saqlangan, deydi MXQ. Ayni paytda gumonlanuvchilar vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.