Qozog‘istonda xalqaro aviaqatnovlar faoliyati qayta tiklanadi

Qozog‘iston xalqaro aviaqatnovlar faoliyatini qayta tiklashga yo‘naltirilgan masalani ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 29 may kuni sanoat vazirligining fuqaro aviatsiyasi va mamlakat infratuzilmasi rivojlanishi qo‘mitasi rahbari Talgat Lastayev ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, xalqaro avia reyslar faoliyati tiklanishining birinchi bosqichida Janubiy Koreya, Xitoy va Ozarbayjon davlatlari bilan aviaqatnovlar qayta tiklanadi.

“Bugun bo‘lib o‘tgan majlisda biz xalqaro yo‘nalishlarni tiklashga ruxsat oldik. Mazkur masala Sog‘liqni saqlash vazirligi maslahatlari va epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda bir nechta bosqichlarga bo‘lingan. Birinchilardan bo‘lib Janubiy Koreya, Xitoy va Ozarbayjon davlatlari bilan aviaqatnovlar tiklanadi”, dedi Lastayev brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bosqichda Turkiya, BAA, Germaniya, Tailand va Chexiya davlatlari bilan aviaqatnovlar tiklanishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga Lastayev, reyslar zudlik bilan yo‘lga quyilmasligini, barcha instansiyalar bilan maslahatlashgan holda va epidemiologik vaziyatga qarab yo‘lga quyilishini ta’kidladi.