Qozog‘istondagi qamoqxonaning 25 nafar xodimida koronavirus yuqtirganlik holati qayd etildi
Qozog‘istondagi “Qora burgut” nomli jazoni ijro etish muassasasida 25 nafar xodimda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlik holati qayd etildi. Bu haqda 19 may kuni mahsulotlar sifati va xavfsizligini nazorat qilish hududiy departamenti xabar qildi.
Dastlab 19 nafar jazoni ijro etish muassasasi xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi to‘g‘risida xabar berildi.
“Mazkur muassasada dastlabki kasallanish holati qayd etilganidan so‘ng viloyat tezkor shtabi tomonidan barcha xodimlarni test tahlili orqali tekshiruvdan o‘tkazish qarori qabul qilindi. Koronavirus infeksiyasi aniqlangan xodimlarning faqat ikki nafarida kasallik alomatlari kuzatilmoqda. Qolganlarda kasallik alomatlari sezilmagan. Barcha 25 nafar xodim Jitikarin viloyati markaziy kasalxonasiga yotqizildi. Bemorlarning ahvoli qoniqarli”, deyilgan bayonotda.
Shuningdek, kasallanganlar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan mahbuslar ham tekshiruvdan o‘tkazilgan va ularda kasallik aniqlanmagan. Muassasada jami 287 nafar mahbus va 87 nafar xodim mavjud.
Qozog‘iston shimolida joylashgan “Qora burgut” qamoqxonasida asosan bir umrlik jazoga hukm qilingan jinoyatchilar saqlanadi.
Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda bugungi kunga qadar 6,7 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, bemorlarning 35 nafari vafot etgan.