Qozon shahridagi yurtdoshlarimizga saylovda ovoz berish imkoniyati yaratiladi
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi (Rossiya Federatsiyasi) Bosh konsuli Fariddin Nasriyev axborot berdi.
Bosh konsulxonada o‘tkazilgan anjumanda qayd qilinganidek, oldingi saylovlarda xorijdagi saylovchilar ro‘yxatiga faqatgina konsullik ro‘yxatiga kirgan fuqarolarimiz kiritilgan va turli sabablar bilan chet elda yurgan ko‘plab yurtdoshlarimiz jarayondan chetda qolib ketgan.
«Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida o‘tayotgan bu galgi saylovlarda barcha saylovchilar, jumladan, xorijdagi saylash huquqiga ega barcha fuqarolarimiz ishtirok etishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Xususan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlarida xorijdagi saylov uchastkalarini tegishli saylov okrugiga biriktirish belgilandi.
Ushbu qarorga muvofiq konsullik okrugi hududida 52-saylov uchastkasi tuzilib, u 144-Do‘mbirobod saylov okrugiga biriktirilgan.
Turli sabablar bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan hamyurtlarimiz hamda talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda saylovchilarga qulayliklar yaratish, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlandiki, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xorijda yashayotgan fuqarolarni xorijdagi saylov uchastkasi to‘g‘risida, O‘zbekiston fuqarolarini xorijdagi saylov uchastkasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi va muddatlari to‘g‘risida, muddatidan oldin ovoz berish kunlari va saylov kuni to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari yoki boshqa yo‘llar bilan xabardor qiladi.
Xorijdagi saylov uchastkalari bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatlari diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasalari rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.
Shuning uchun fuqarolar xorijdagi uchastka saylov komissiyasiga yozma yoki Tashqi ishlar vazirligi rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda xorijdagi saylov uchastkasining saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkin.
Bunda saylovchilar saylovga 15 kun qolgunga qadar murojaat qilishlari kerak.