Qrim-kongo gemorragik isitma virusiga qarshi qanday kurashilyapti?
Bu kasallikning aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olish maqsadida joriy yilning mart oyidan boshlab barcha shahar va tumanlarda “Aholi o‘rtasida Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi tarqalishining oldini olishda Favqulodda vaziyatlar Davlat tizimi xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar viloyat favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, obodonlashtirish boshqarmalari hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda olib borildi.
O‘quv mashqi uch bosqichda o‘tkazildi.
Birinchi bosqichda FVDqT xizmatlarining shaxsiy tarkibi va ularga biriktirilgan asbob-anjomlarining shayligini tekshirish maqsadida saf ko‘rigi bo‘lib o‘tdi va ularning zaruriy shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganligi ko‘zdan kechirildi.
Ikkinchi bosqich – nazariy qismda, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari mutaxassislari tomonidan Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi haqidagi va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘ining viloyatdagi davlat tizimi xizmatlarining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi hamda ma’ruzalar yuzasidan savol-javoblar, qo‘shimcha fikr va mulohazalar bildirildi.

Uchinchi bosqich – amaliy qismda, mashq ssenariysi asosida qo‘shni viloyatdan kana chaqishidan jabrlangan fuqaro tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy shifokorlik punktining patronaj hamshirasi tomonidan faol aniqlanib, tibbiyot birlashmasi tomonidan tegishli xizmatlarga xabar berildi va jabrlangan fuqaro alohida izolyator xonasiga olinib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ushbu holatlarda muvofiqlashtiruvchi va harakat qiluvchi tegishli xizmatlar kelganidan so‘ng, qo‘shni viloyatning tegishli xizmatlariga belgilangan tartibda shoshilinch xabarnoma jo‘natilishi, bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash, izolyasiya qilish, hududning taxminiy xaritasi tuzilgan holda, shu hududda bo‘lgan boshqa hayvonlarni ro‘yxatga olish, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligiga qarshi emlash, pasportlashtirish, aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish jarayonlari amalda bajarib ko‘rsatildi.
Shuningdek, tadbir davomida 2145 nafar shaxsiy tarkib, 135 ta maxsus texnika jalb qilinib, 37 ming 635 dona mavzuga oid eslatma va bukletlar tarqatildi.
Shavkat Qayumov,
viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofazani tashkil etish bo‘limi mutaxassisi.